Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda Jahon banki konchilik va geologiya sohalarini barqaror rivojlantirish, davlat siyosatini takomillashtirish va xalqaro standartlarni joriy etish masalalarini muhokama qildi.
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi xabar berdi.
Uchrashuv 28 sentyabr kuni Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirining birinchi o‘rinbosari F. Hamidova, vazirlikning masʼul xodimlari hamda Jahon banki delegatsiyasi vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar sohalarni barqaror rivojlantirish, davlat siyosatini takomillashtirish, ilg‘or xalqaro standartlarni joriy etish va qiymat yaratish zanjirlarini rivojlantirish bilan bog‘liq ikki tomonlama hamkorlik yo‘nalishlarini ko‘rib chiqdi.
Uchrashuvda Women in Mining Uzbekistan milliy platformasini rivojlantirish loyihasiga alohida eʼtibor qaratildi.
Muhokamalar doirasida tomonlar konchilik va geologiya sohasida ayollarning kasbiy va liderlik salohiyatini oshirish bo‘yicha fikr almashdi.
Shuningdek, ayollarning sohadagi texnik va rahbarlik lavozimlarida ishtirokini kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi.