Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Belarusning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Aleksandr Ogorodnikov bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar raqamli texnologiyalar va IT xizmatlari sohasida hamkorlikni yana-da rivojlantirish masalalarini muhokama qildi. Bu haqda O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvdan oldin Belarus delegatsiyasi IT Park Uzbekistan faoliyati bilan tanishdi. Belarus vakillariga O‘zbekiston IT ekotizimining rivojlanishi, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, IT kompaniyalarining faoliyat yuritish shartlari, ularga taqdim etilayotgan soliq imtiyozlari hamda eksport salohiyatini oshirish chora-tadbirlari haqida maʼlumot berildi.
IT Park rezidentlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar, startaplarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari hamda O‘zbekiston va xorijiy IT kompaniyalarining xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratildi.
Shundan so‘ng delegatsiya UZINFOCOM kompaniyasiga tashrif buyurdi. U yerda elektron hukumat, davlat xizmatlarini raqamlashtirish hamda aholi va biznes uchun raqamli yechimlarni joriy etish sohasidagi ishlar taqdim etildi.
Taqdimotlar davomida O‘zbekistonning raqamli transformatsiya sohasidagi tajribasi, amalga oshirilayotgan yechimlar va ularni amaliyotda qo‘llash imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuvda tomonlar IT xizmatlari eksportini oshirish, tajriba almashish va ikki mamlakat kompaniyalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash istiqbollarini muhokama qildi. Shuningdek, Belarus IT kompaniyalarining O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirish va mahalliy bozorda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi strategik sheriklik doirasida raqamli texnologiyalar va IT xizmatlari sohasida hamkorlikni yana-da rivojlantirish salohiyati mavjudligini qayd etdi.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilar ikki mamlakatning tegishli tashkilotlari va IT kompaniyalari o‘rtasidagi muloqotni davom ettirish, shuningdek, amaliy hamkorlik yo‘nalishlarini birgalikda o‘rganish va o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish muhimligini taʼkidladi.