Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yil 1 avgust holatiga O‘zbekiston banklaridagi depozitlar hajmi 482,7 trillion so‘mga yetdi. Bu bir yil davomida 33,9 foizga o‘sishni anglatadi. Shu davrda kredit portfeli 11,9 foizga oshib, 644,6 trillion so‘mni tashkil qildi. Yaʼni depozitlar kreditlarga nisbatan qariyb uch baravar tezroq o‘sdi. Bu haqda O‘zbekiston Markaziy banki xabar berdi.
Bank tizimida kreditlarning depozitlarga nisbati bir yilda 159,9 foizdan 133,6 foizga pasaydi. Davlat ulushiga ega banklarda bu ko‘rsatkich 211,5 foizdan 170 foizga, boshqa banklarda esa 105,1 foizdan 95 foizga tushdi.
Eng tez bir yilgacha bo‘lgan qisqa muddatli depozitlar o‘sdi. Ularning hajmi 45,8 foizga oshib, 175,7 trillion so‘mga yetdi.
Talab qilib olinguncha bo‘lgan depozitlar 33 foizga oshib, 142 trillion so‘mni, bir yildan ortiq muddatli uzoq muddatli omonatlar esa 24 foizga oshib, 164,9 trillion so‘mni tashkil qildi. Natijada qisqa muddatli depozitlarning jami hajmdagi ulushi 33,4 foizdan 36,4 foizga oshdi, uzoq muddatli depozitlar ulushi esa 36,9 foizdan 34,2 foizga qisqardi. Talab qilib olinguncha bo‘lgan depozitlarning ulushi 29,4 foizni tashkil etdi.
Yuridik shaxslarning depozitlari 297,5 trillion so‘mni, jismoniy shaxslarning omonatlari esa 185,2 trillion so‘mni tashkil qildi.
Milliy valyutadagi depozitlar 42,6 foizga oshib, 390 trillion so‘mga yetdi. Xorijiy valyutadagi depozitlar esa 6,6 foizga o‘sib, 92,7 trillion so‘mni tashkil qildi.
Eng yirik depozit bazalari O‘zmilliybankda 58,4 trillion so‘m, “Kapitalbank”da 48,9 trillion so‘m va Agrobankda 43 trillion so‘mni tashkil etdi.
Bank sektori likvidlik ko‘rsatkichlari ham bir yil davomida yaxshilandi. Yuqori likvidli aktivlar hajmi 52,8 foizga oshib, 222,8 trillion so‘mga yetdi. Ularning jami aktivlardagi ulushi esa 17,8 foizdan 22,7 foizga oshdi.
Likvidlikni qoplash koeffitsiyenti 206 foizdan 265,4 foizga, sof barqaror moliyalashtirish koeffitsiyenti esa 117 foizdan 133,1 foizga oshdi. Har ikki normativ uchun minimal ko‘rsatkich 100 foizni tashkil etadi. Shu bilan birga, tezkor likvidlik koeffitsiyenti 121,8 foizdan 98,7 foizga pasaydi, bunda minimal talab 25 foiz etib belgilangan.
Bank sektori kapitalining yetarlilik koeffitsiyenti 17,5 foizdan 18,4 foizga, birinchi darajali kapital yetarliligi esa 14,6 foizdan 15,4 foizga oshdi.
Regulyativ kapital hajmi 140,3 trillion so‘mdan 168,3 trillion so‘mga ko‘paydi.