Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zeltexsanoat uyushmasi tarkibiga kiruvchi Infinity Copper Group (ICG) korxonasi mis mahsulotlarini Fransiya va Polsha bozorlariga eksport qilishni kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi. Bu haqda O‘zeltexsanoat uyushmasi xabar berdi.
21–26 sentyabr kunlari Fransiya va Polshada o‘tkazilgan biznes-missiyalar hamda Made in Uzbekistan Road Show tadbirlari doirasida ICG mahsulotlari Yevropaning potensial hamkorlari va importchilariga taqdim etildi.
Fransiyada Infinity Copper Group tomonidan ishlab chiqarilayotgan mis mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi. Dastlabki bosqichda 5 million AQSH dollari miqdorida mahsulot eksport qilish rejalashtirilmoqda. Fransiyalik hamkorlarga korxona mahsulotlarining namunalari ham taqdim etildi.
Polshada tomonlar mahalliy importchilar va distribyutorlar bilan hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, Markaziy va Sharqiy Yevropa bozorlariga yetkazib berish hajmini kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildi.
O‘zeltexsanoat maʼlumotlariga ko‘ra, erishilgan kelishuvlar ICG kompaniyasiga Yevropa bozorlaridagi ishtirokini kengaytirish, yangi savdo hamkorlarini jalb qilish va O‘zbekiston elektrotexnika mahsulotlari eksporti geografiyasini kengaytirish imkonini beradi.