Shoshilinch
Iqtisod

Minsk viloyati delegatsiyasi Farg‘ona korxonalariga tashrif buyurdi

Minsk viloyati delegatsiyasi Farg‘ona korxonalariga tashrif buyurdi
Minsk viloyati delegatsiyasi Farg‘ona korxonalariga tashrif buyurdi / Foto: Farg'ona viloyati hokimligi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Belarusning Minsk viloyati delegatsiyasi viloyat ijroiya qo‘mitasi raisi Aleksey Kushnarenko boshchiligida Farg‘ona viloyatiga amaliy tashrif doirasida yirik sanoat korxonalari faoliyati va hududning investitsiya infratuzilmasi bilan tanishdi. Bu haqda Farg‘ona viloyati hokimligi xabar berdi.

Belarus delegatsiyasiga Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari Xurshidjon Ahmedov hamrohlik qildi.

Tashrif doirasida Minsk viloyati vakillari “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasining Quvasoy filiali hududida joylashgan korxonalarga bordi. Mehmonlarga kompaniyalar faoliyati va amalga oshirilayotgan ishlab chiqarish loyihalari haqida maʼlumot berildi.

Xususan, delegatsiya keramogranit plitalar ishlab chiqaradigan «Crown Ceramic» qo‘shma korxonasidagi ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi.

Shuningdek, Belarus vakillari «Marwin Fruitline» MCHJga tashrif buyurib, ularga mevalarni qayta ishlash va tabiiy konsentrlangan sharbat ishlab chiqarish loyihasi namoyish etildi.

Delegatsiyaga avtomobil butlovchi qismlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan «Hansae Mobility Turan» korxonasidagi ishlab chiqarish jarayonlari ham alohida ko‘rsatildi. Loyihaga 30 million dollar miqdorida xorijiy investitsiya yo‘naltirilgan, 150 ta ish o‘rni yaratilgan.

Dasturning navbatdagi manzili Farg‘ona shahridagi ko‘rgazma majmuasi — «Farg‘ona Ekspo» investorlarga xizmat ko‘rsatish markazi bo‘ldi. Belarus tomoni vakillariga markazning investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash va ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish imkoniyatlari haqida maʼlumot berildi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.