Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Transport vaziri Ilhom Mahkamov 9 sentyabr kuni Toshkent shahrida Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (IKAO) Yevropa va Shimoliy Atlantika byurosi (EUR/NAT) mintaqaviy direktori Nikolas Rallo bilan uchrashdi. Uchrashuv CANSO Eurasia ANSP‘s Summit sammiti doirasida bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Transport vazirligi xabar berdi.
Tomonlar O‘zbekiston va IKAO o‘rtasida fuqaro aviatsiyasini rivojlantirish sohasidagi hamkorlikning joriy holati, amalga oshirilayotgan loyihalar natijalari hamda yangi qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildi.
Global aviatsiya tizimini rivojlantirish va takomillashtirishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.
Xususan, aviatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, parvozlar xavfsizligi darajasini oshirish va sohani xalqaro standartlarga muvofiq yana-da rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar aviatsiya sohasidagi hamkorlikni kengaytirish hamda amaliy loyihalarni izchil amalga oshirishdan o‘zaro manfaatdor ekanini tasdiqladi.