Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Polsha biznes delegatsiyasi bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, investitsiya loyihalari va yangi logistika yo‘nalishlarini rivojlantirish masalalarini muhokama qildi. Bu haqda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi xabar berdi.
Uchrashuv Lyublin savdo-sanoat palatasi raisi Dariush Yedlina ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Polsha delegatsiyasi tarkibidan turli sohalar vakili bo‘lgan 14 nafar tadbirkor o‘rin oldi.
Ishtirokchilar 3D-modellashtirish va sunʼiy intellekt, energetika, qurilish, logistika, sug‘urta, kimyo sanoati, ko‘chmas mulk, ko‘chatchilik hamda biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqarish sohalarida hamkorlik qilish istiqbollarini muhokama qildi.
Uchrashuvning asosiy masalalaridan biri ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo hajmini oshirish va yangi investitsiya loyihalarini ishga tushirish bo‘ldi. Tomonlar, shuningdek, kompaniyalar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.
O‘zbekistonning logistika salohiyatidan Polsha mahsulotlarini mamlakat hududi orqali Afg‘oniston va Iroq bozorlariga yetkazib berish uchun foydalanish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar tadbirkorlar o‘rtasida B2B muzokaralarini tashkil etish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.