Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 16 sentyabr kuni Toshkentda 14–16 sentyabr kunlari Hilton Tashkent City mehmonxonasida o‘tkazilgan GEOMIN 2026 xalqaro konferensiyasi yakunlandi. Tadbir geologiya va tog‘-kon sanoati sohasida 25 mamlakatdan 300 dan ortiq mutaxassis, shuningdek, 90 dan ziyod kompaniya va tashkilot vakillarini birlashtirdi. Bu haqda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi xabar berdi.
Uch kun davomida ishtirokchilar geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va mineral resurslarni o‘zlashtirishga zamonaviy yondashuvlarni muhokama qildi. Ikkita parallel yo‘nalish doirasida 22 ta ilmiy sessiya o‘tkazilib, 97 ta maʼruza tinglandi va sakkizta stend taqdimoti tashkil etildi.
Asosiy eʼtibor sohani raqamli transformatsiya qilish, sunʼiy intellektdan foydalanish, milliy geologik maʼlumotlar bazalarini rivojlantirish, 3D modellashtirish, zamonaviy geofizik texnologiyalar hamda strategik ahamiyatga ega minerallarni qidirishning yangi usullariga qaratildi.
Dasturning alohida qismi 27 ta mahalliy va xorijiy kompaniya hamda tashkilot ishtirokidagi ko‘rgazmadan iborat bo‘ldi. Unda geologiya-qidiruv ishlari, geofizika, masofadan zondlash, quduqlarni tadqiq etish, mineralogiya, geologik maʼlumotlarni raqamlashtirish, sunʼiy intellekt va ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish uchun texnologiyalar, uskunalar hamda dasturiy yechimlar namoyish etildi.
Ishbilarmonlik dasturi doirasida Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi rahbariyati xorijiy kompaniyalar va xalqaro tashkilotlar vakillari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi. Tomonlar hamkorlikni kengaytirish, investitsiyalarni jalb qilish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va mutaxassislar tayyorlash masalalarini muhokama qildi.
Konferensiya yakunlari bo‘yicha taʼlim, ilmiy tadqiqotlar, raqamlashtirish va texnologiyalar transferi sohalarida hamkorlikni rivojlantirishni nazarda tutuvchi qator hujjatlar imzolandi.
GEOMIN 2026 davlat organlari, geologiya xizmatlari, ilmiy va taʼlim muassasalari, tog‘-kon kompaniyalari hamda texnologik biznes o‘rtasida professional muloqot uchun ham maydon bo‘ldi.
Ishtirokchilar amaliy tajriba almashib, raqamli yechimlar va zamonaviy tadqiqot usullaridan foydalangan holda geologiya-qidiruv ishlarini yana-da rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.
Konferensiyaning asosiy dasturi 16 sentyabr kuni yakunlandi. 17 sentyabr kuni ishtirokchilar Olmaliq kon-metallurgiya kombinati obyektlariga tashrif buyurib, ishlab chiqarish obyektlari va geologik ishlar tashkil etilishi bilan tanishadi.