Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati hududda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha Koreyaning to‘rtta kompaniyasi bilan hamkorlik memorandumlarini imzoladi. Kelishuvlarga viloyat delegatsiyasining Koreya Respublikasiga amaliy tashrifi doirasida erishildi. Bu haqda Farg‘ona viloyati hokimligi xabar berdi.
Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Samyoung Material Inspection Technology Co., Ltd, Korea Health Certification Association, Chalgomu Key Board Co., Ltd va KINGDOM GLOBAL Co., Ltd kompaniyalari rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Uchrashuvlarda Farg‘ona viloyatida kosmetika mahsulotlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, ushbu sohada mutaxassislarni tayyorlash va o‘qitishni nazarda tutuvchi loyihalar ko‘rib chiqildi.
Muhokama qilingan tashabbuslar qatoriga rezina mahsulotlarini ishlab chiqarish, zamonaviy texnologiyalar va uskunalarga texnik xizmat ko‘rsatish, shuningdek, golf maydoni tashkil etish loyihalari ham kirdi.
Koreya kompaniyalari vakillari o‘z faoliyat yo‘nalishlari, ishlab chiqarish tajribasi va texnologik imkoniyatlari haqida maʼlumot berib, loyiha takliflarini taqdim qildi.
Xayrullo Bozorov taklif etilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlab, Koreyalik hamkorlarga loyihalarni Farg‘ona viloyatida amalga oshirish uchun zarur tashkiliy va amaliy ko‘mak ko‘rsatilishini taʼkidladi.
Muzokaralar yakunlari bo‘yicha tomonlar hamkorlik memorandumlarini imzoladi. Hujjatlar belgilangan yo‘nalishlarda keyingi hamkorlikni davom ettirish va istiqbolli loyihalar ustida birgalikda ishlashni nazarda tutadi.