Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Xorazm viloyatida 156 ta ehtiyojmand oilaning uy-joy sharoitini yaxshilash rejalashtirilmoqda. Bu borada Ijtimoiy himoya milliy agentligi, “InFinBank” AJ va Xorazm viloyati hokimligi o‘rtasida tegishli memorandum imzolandi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.
Kelishuv doirasida hokimlik tomonidan taqdim etilgan ro‘yxatga kiritilgan oilalarning ijtimoiy holati, shuningdek, ularning uy-joyga bo‘lgan haqiqiy ehtiyoji o‘rganiladi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi o‘z vakolatlari doirasida 156 ta oilaning ijtimoiy holatini baholaydi va ularning uy-joy sharoitini yaxshilashga bo‘lgan ehtiyojlarini aniqlaydi. Shundan so‘ng oilalarni uy-joy bilan taʼminlash bo‘yicha amaliy ishlar olib borilishi rejalashtirilmoqda.
Qayd etilishicha, loyiha doirasida munosib va xavfsiz uy-joy sharoitlarini yaratish moddiy yordam, bandlikka ko‘maklashish, ijtimoiy, taʼlim va tibbiy xizmatlar bilan bir qatorda ko‘rib chiqiladi.
Bunga o‘xshash tashabbus avval Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshirilgan. Uch tomonlama memorandum doirasida 101 ta yosh oila yangi uy-joy bilan taʼminlangan.
Endi loyiha Xorazm viloyatida davom ettiriladi. Bu yerda 156 ta oilaning uy-joy sharoiti va uy-joyga bo‘lgan ehtiyojlari o‘rganiladi.