Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi delegatsiya Janubiy Koreyaning EXEM Co., Ltd IT kompaniyasi faoliyati bilan tanishdi.
Tashrif delegatsiyaning Koreya Respublikasiga amaliy safari doirasida Seul shahrining Kanson okrugidagi Magok innovatsion hududida bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Farg‘ona viloyati hokimligi xabar berdi.
Delegatsiya vakillariga EXEM kompaniyasining asosiy faoliyat yo‘nalishlari, texnologik ishlanmalari va zamonaviy yechimlari haqida maʼlumot berildi.
EXEM IT infratuzilmasini boshqarish, maʼlumotlar bazalari va raqamli tizimlarni monitoring qilish, sunʼiy intellekt, katta maʼlumotlar va bulutli texnologiyalarga ixtisoslashgan. Kompaniya, shuningdek, IT tizimlarini kompleks monitoring qilish uchun yechimlar ishlab chiqadi.
Kompaniya 2001 yilda tashkil etilgan bo‘lib, 2015 yildan uning aksiyalari KOSDAQ birjasida ro‘yxatdan o‘tgan. EXEM faoliyatining asosiy yo‘nalishlari qatoriga maʼlumotlar bazalari va ilovalarni monitoring qilish, IT tizimlaridagi muammolarni aniqlash va tahlil qilish, sunʼiy intellektdan foydalangan holda IT jarayonlarini boshqarish, shuningdek, Big Data va korporativ sunʼiy intellekt asosida yechimlar ishlab chiqish kiradi.
Ayni paytda EXEM 29 ta mamlakatdagi 1 mingdan ortiq yirik mijoz bilan hamkorlik qiladi. Kompaniyaning AQSH, Xitoy va Yaponiyada ham tuzilmalari mavjud.
Tashrif davomida delegatsiyaga sunʼiy intellekt va katta maʼlumotlardan foydalangan holda IT infratuzilmasini boshqarish uchun EXEM texnologik yechimlari taqdim etildi. Shuningdek, raqamli tizimlarning barqaror ishlashini taʼminlash va texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish imkoniyatlari namoyish qilindi.
Delegatsiya aʼzolari uchun kompaniya bo‘ylab ekskursiya tashkil etilib, ular ish jarayonlari bilan tanishdi.
Tomonlar, shuningdek, Farg‘ona viloyatini raqamlashtirishda EXEM tajribasi va texnologik yechimlaridan foydalanish, IT sohasida bilim almashish hamda istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlarini rivojlantirish imkoniyatlarini muhokama qildi.