Iqtisod

Raqobat qo‘mitasi aviareyslar kechikishi uchun kompensatsiyalarni o‘rganmoqda

Raqobat qo‘mitasi aviareyslar kechikishi uchun kompensatsiyalarni o‘rganmoqda
Raqobat qo‘mitasi aviareyslar kechikishi uchun kompensatsiyalarni o‘rganmoqda / Foto: UzDaily.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Raqobat qo‘mitasi aviakompaniyalar aybi bilan aviareyslar kechiktirilgan holatlarda yo‘lovchilar huquqlariga rioya qilinishi va kompensatsiyalar to‘lanishi masalalarini o‘rganmoqda.

2026 yilning birinchi yarmida Qo‘mitaga havo transporti xizmatlari bilan bog‘liq isteʼmolchilardan 300 dan ortiq murojaat kelib tushgan. Ularning soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4,1 barobarga oshgan.

Fuqarolar murojaatlarida aviareyslarning bir necha soatga kechikishi, yo‘lovchilarga aniq maʼlumotlarni o‘z vaqtida taqdim etmaslik, xizmatlarni lozim darajada ko‘rsatmaslik, shuningdek, amalda ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq undirish holatlari qayd etilgan.

Qo‘mita tomonidan o‘tkazilgan tahlil ayrim holatlarda tashuvchi aybi bilan kechiktirilgan reyslar yo‘lovchilariga kompensatsiya yoki muammoni hal qilishning muqobil variantlari taklif etilmaganini ko‘rsatdi. Vazirlikda taʼkidlanishicha, bunday holatlar fuqarolarning vaqti, xarajatlari va rejalariga taʼsir qilishi mumkin.

Ayni paytda Qo‘mita ochiq manbalar asosida tashuvchi aybi bilan ichki aviareyslar kechiktirilganda yo‘lovchilarga kompensatsiya to‘lash amaliyotini, shuningdek, isteʼmolchilar huquqlariga rioya etilishi masalalarini o‘rganmoqda.

Aviakompaniyalarga o‘z raqamli platformalaridagi maʼlumotlarning to‘liqligini taʼminlash va ularni qonunchilik talablariga muvofiqlashtirish tavsiya etildi.

Qo‘mita fuqarolarni yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish va ularning huquqlariga rioya etilishi masalalari bo‘yicha taklif hamda mulohazalarini yuborishga chaqirdi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.