O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
Iqtisod

O‘zbekiston milliy brendlarga 50 ming dollargacha ajratadi

Dilafro'z Niyazova · 31.08.2026 · 13:50 · 26 views
O‘zbekiston milliy brendlarga 50 ming dollargacha ajratadi
O‘zbekiston milliy brendlarga 50 ming dollargacha ajratadi / Foto: Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda xalqaro bozorlarga chiqadigan milliy brendlarga 50 ming dollargacha subsidiya ajratiladi. Bu choralar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 27 avgustdagi «O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqoti davomida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-175-son farmonida nazarda tutilgan.

Mablag‘lar milliy brendlarni tashqi bozorlarda ilgari surish, shuningdek, mahsulotlar va brendlarni xalqaro talablarga muvofiqlashtirishga yo‘naltiriladi.

Bundan tashqari, hujjatda brendlarni yaratish va rivojlantirish uchun xorijdan mutaxassislarni jalb qilish xarajatlarining 50 foizini qoplash nazarda tutilgan. Bunday kompensatsiyaning maksimal miqdori 500 ming dollargacha bo‘ladi.

Tadbirkorlarga mahsulotlarni marketpleyslar orqali joylashtirish va sotish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizi ham qoplab beriladi.

Alohida chora kompaniyalarni xalqaro tenderlarda ishtirok etishiga taalluqli. Davlat bunday tanlovlarga tayyorgarlik ko‘rish va ishtirok etish uchun konsalting kompaniyalarini jalb qilish xarajatlarining, shuningdek, xalqaro tenderlarda ishtirok etish bilan bevosita bog‘liq xarajatlarning 80 foizigacha qismini qoplaydi.

Farmonda nazarda tutilgan choralar milliy brendlarni tashqi bozorlarga chiqishida qo‘llab-quvvatlash, o‘zbek mahsulotlarini ilgari surish va tadbirkorlarning xalqaro savdoda ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.