Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkentda Rossiya va O‘zbekiston kompaniyalari o‘rtasida integratsiyalashgan atom elektr stansiyasi (AES) loyihasini amalga oshirish uchun qo‘shma korxonalar tashkil etishga bag‘ishlangan sohaviy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Unda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, texnologiyalarni uzatish, mutaxassislar tayyorlash va stansiya qurilishida mahalliy korxonalar ishtirokini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Bu haqda “O‘zatom” agentligi xabar berdi.
Konferensiyada “O‘zatom” agentligi, tegishli davlat tuzilmalari va O‘zbekiston kompaniyalari vakillari, “Rosatom”ning muhandislik divizioni mutaxassislari, atom energetikasi sohasidagi qurilish majmuasi tashkilotlari assotsiatsiyasi hamda atom stansiyalari qurilishida ishtirok etayotgan Rossiya korxonalari rahbarlari qatnashdi.
Tadbirni ochar ekan, “O‘zatom” agentligi rahbari o‘rinbosari Shahzod Alirizayev dunyodagi birinchi integratsiyalashgan AES loyihasini amalga oshirishda amaliy hamkorlikning ahamiyatini taʼkidladi. Loyiha katta quvvatli VVER-1000 reaktorlariga ega energiya bloklari va kichik quvvatli RITM-200N reaktorlarini birlashtirishni nazarda tutadi.
Alirizayevning so‘zlariga ko‘ra, bunday yondashuv tomonlarning mavjud salohiyatini birlashtirish va O‘zbekistonda o‘z ishlab chiqarish bazasini shakllantirish uchun imkoniyat yaratadi.
Birinchi sessiya davomida ishtirokchilar atom elektr stansiyalarini qurishning zamonaviy usullarini, jumladan, tizimlar bo‘yicha yondashuv va blokli montaj qilish texnologiyalarini ko‘rib chiqdilar.
Shuningdek, loyihalarni texnologik yechimlar bilan taʼminlashda tayanch materialshunoslik tashkilotlari va uskunalar ishlab chiqaruvchilarning o‘rni muhokama qilindi.
Zaxira elektr taʼminoti tizimlari, yordamchi issiqlik energetikasi hamda qurilish ishlarining samaradorligi va xavfsizligini oshirish uchun zarur bo‘lgan boshqa elementlarga alohida eʼtibor qaratildi.
Muhokamalarning katta qismi ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va qo‘shma korxonalar tashkil etish masalalariga bag‘ishlandi. Rossiya va O‘zbekiston kompaniyalari avtomatlashtirilgan boshqaruv va radiatsiya nazorati tizimlari, maxsus ventilyatsiya va gaz tozalash uskunalari, polimer quvurlar, energiya tejamkor izolyatsiya materiallari, beton uchun maxsus kimyoviy vositalar hamda qurilish maydonlari uchun tez barpo etiladigan konstruksiyalar ishlab chiqarish sohasidagi tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.
Ishlab chiqarish quvvatlarini O‘zbekistonda joylashtirish loyihada mahalliy mahsulotlar ulushini oshirish va atom energetikasini keyinchalik rivojlantirish uchun sanoat bazasini shakllantirish usullaridan biri sifatida ko‘rilmoqda. Hamkorlik mutaxassislar tayyorlash va turdosh tarmoqlarni rivojlantirishni ham nazarda tutadi.
Yakuniy B2B-sessiya hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish maydonchasi shaklida o‘tkazildi. Rossiya korxonalari va O‘zbekiston kompaniyalari o‘z takliflarini taqdim etib, hamkorlikni chuqurlashtirish, jumladan, birgalikda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va kadrlarni kasbiy tayyorlash imkoniyatlarini muhokama qildilar.
«Integratsiyalashgan AES loyihasini amalga oshirish — bu shunchaki energetika obyektini qurish emas, balki O‘zbekiston uchun o‘zining yuqori texnologiyali bazasini shakllantirish, jahonning eng yaxshi tajribalarini jalb qilish va mutaxassislarning yangi avlodini tarbiyalash uchun strategik imkoniyatdir. Rossiyalik hamkorlar bilan qo‘shma korxonalar ushbu maqsadlarga erishish va ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashning muhim vositasiga aylanadi», — dedi Shahzod Alirizayev.
Konferensiya O‘zbekistonning energetika va sanoatni rivojlantirish borasidagi saʼy-harakatlari doirasida o‘tkazilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev avvalroq atom energetikasining mamlakat texnologik, sanoat va ilmiy taraqqiyotidagi ahamiyatini taʼkidlagan edi.
Loyiha doirasida mahalliy mahsulotlar ulushini kamida 30 foizga yetkazish vazifasi belgilangan. Stansiya qurilishini mahalliy materiallar va uskunalar bilan taʼminlash maqsadida Farish tumanida maxsus sanoat zonasini tashkil etish ham rejalashtirilgan.
Jizzax viloyatida integratsiyalashgan AES qurish loyihasi mahalliy korxonalarning ishlab chiqarish zanjirlaridagi ishtirokini kengaytirishni nazarda tutadi.
Qo‘shma korxonalarni tashkil etish milliy salohiyatni rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash va atom energetikasi sohasi uchun kadrlar tayyorlashga xizmat qilishi kerak.