Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Amerikaning GE Aerospace kompaniyasi aviatsiya sohasi mutaxassislarini tayyorlash va ularning malakasini oshirishga qaratilgan taʼlim dasturlarini birgalikda ishlab chiqishga kelishib oldi.
Bu haqda 19 oktyabr kuni Samarqandda O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratovning GE Aerospace kompaniyasining global tijoriy savdolar bo‘yicha vitse-prezidenti Mahendra R. Nair bilan uchrashuvi yakunlari bo‘yicha maʼlum bo‘ldi.
Tomonlar sohada malakali mutaxassislarga bo‘lgan talab ortib borayotganini inobatga olgan holda, aviatsiya kadrlarini tayyorlash sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.
Muzokaralar yakunida yangi kadrlarni tayyorlash va amaldagi mutaxassislarning kasbiy malakasini oshirishga yo‘naltirilgan taʼlim dasturlarini birgalikda ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.