7
Iqtisod

O‘zbekistonda isitish xarajatlarini 40 foizgacha kamaytirish rejalashtirilmoqda

O‘zbekistonda isitish xarajatlarini 40 foizgacha kamaytirish rejalashtirilmoqda
O‘zbekistonda isitish xarajatlarini 40 foizgacha kamaytirish rejalashtirilmoqda / Foto: UzDaily.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda issiqlik energiyasini ishlab chiqarish va yetkazib berish xarajatlarini 30–40 foizga kamaytirish ko‘zda tutilmoqda.

Bunga markazlashgan issiqlik taʼminoti tizimini yangilash va tarmoqlardagi yo‘qotishlarni qisqartirish orqali erishish rejalashtirilgan. Bu haqda 14 oktyabr kuni neft-gaz sohasiga masʼul bo‘lgan iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Xurshed Mustafayev maʼlum qildi.

Vazirlik vakili so‘zlariga ko‘ra, tariflarni xizmat ko‘rsatishning haqiqiy xarajatlariga yaqinlashtirishning yagona usuli sifatida narxlarni oshirish ko‘rib chiqilmayapti.

Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasida issiqlik energiyasining tannarxini har yili kamida 15 foizga kamaytirishni nazarda tutuvchi alohida dastur ishlab chiqish taklif etilgan.

Dastlabki bosqichlardan biri amaldagi issiqlik taʼminoti tizimini texnik auditdan o‘tkazish bo‘ladi. Uning natijalari asosida infratuzilmani modernizatsiya qilish va issiqlik yo‘qotishlarini kamaytirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilanishi rejalashtirilgan.

«Tannarx faqat oshib boradigan ko‘rsatkich emas. Kompaniya tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda uni kamaytirish bo‘yicha ish olib boradi», — dedi Mustafayev.

Hujjat loyihasida aholi uchun tariflarni o‘zgartirishning taklif etilayotgan tartibi ham belgilangan. 2028 yildan boshlab tariflar yilda bir marta — 1 maydan eʼtiboran, yillik inflyatsiyani hisobga olgan holda qayta ko‘rib chiqilishi mumkin. Bunda har yilgi indeksatsiya 10 foizdan oshmasligi kerak.

Shuningdek, 2026 yil 1 noyabrdan boshlab yangi tariflarni joriy etish ham nazarda tutilgan. Qaror loyihasining jamoatchilik muhokamasi 28 oktyabr kuni yakunlanadi.

Pasaytirilgan tariflarni 2030 yilga qadar bosqichma-bosqich tannarxga yaqinlashtirish rejasi avvalroq, 2025 yil 11 martdagi Prezident qarori bilan mustahkamlangan edi.

O‘zgarishlar doirasida issiqlik taʼminoti infratuzilmasini yangilash, 2027 yil yakuniga qadar tarmoqlardagi yo‘qotishlarni 25 foizga qisqartirish va soha korxonalarida zamonaviy billing tizimlarini joriy etish ham ko‘zda tutilgan.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.