Iqtisod

O‘zbekiston davlat xaridlarini raqamlashtirishda Koreya tajribasini o‘rganmoqda

O‘zbekiston davlat xaridlarini raqamlashtirishda Koreya tajribasini o‘rganmoqda
O‘zbekiston davlat xaridlarini raqamlashtirishda Koreya tajribasini o‘rganmoqda / Foto: Oʻzbekiston Sanoat hamkorligi va davlat xaridlari agentligi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston delegatsiyasi Koreya Respublikasiga xizmat safari davomida davlat xaridlarini raqamlashtirish, mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish, texnologiyalar transferi va institutsional hamkorlikni kengaytirishga bag‘ishlangan qator uchrashuvlar o‘tkazdi.

Delegatsiya tarkibidan Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi, shuningdek, tegishli vazirlik va idoralar vakillari o‘rin oldi.

Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) qarorgohida tomonlar Koreya tajribasini inobatga olgan holda O‘zbekistonda elektron davlat xaridlari tizimini yana-da rivojlantirish masalalarini muhokama qildi. Texnik yordamni jalb qilish va grant dasturlaridan foydalanish imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratildi.

Bundan tashqari, tomonlar koreyalik ekspertlarni jalb qilish hamda tegishli sohada faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning malakasini oshirish masalalarini ko‘rib chiqdi.

Koreya Savdo va investitsiyalarni rag‘batlantirish agentligi (KOTRA) rahbariyati bilan uchrashuvda O‘zbekistonda mahalliylashtirish uchun istiqbolli bo‘lgan mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi koreya kompaniyalari bilan aloqalar o‘rnatish masalasi muhokama qilindi.

Tomonlar Koreya biznesi vakillari bilan B2B uchrashuvlar o‘tkazish, texnologik sheriklikni rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va ishlab chiqarish kooperatsiyasini kengaytirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.

Safarning alohida yo‘nalishi Koreya Respublikasi Davlat xaridlari xizmati (PPS) tajribasini o‘rganish bilan bog‘liq bo‘ldi.

Delegatsiya vakillari xaridlarni markazlashtirilgan boshqarish amaliyoti va KONEPS elektron tizimi faoliyati bilan tanishdi.

Xususan, elektron kataloglar va ramkali kelishuvlar, narxlarni monitoring qilish, yetkazib beruvchilarni baholash, TCO yondashuvini qo‘llash, elektron shartnomalar va to‘lovlar, shuningdek, davlat axborot tizimlarining integratsiyasiga eʼtibor qaratildi.

Shuningdek, sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda xavflarni tahlil qilish mexanizmlari ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, delegatsiya Elektronika va telekommunikatsiyalar tadqiqot institutiga (ETRI) tashrif buyurib, sunʼiy intellekt, raqamli va telekommunikatsiya texnologiyalari, yuqori aniqlikdagi televideniye hamda avtonom transport sohalaridagi zamonaviy ishlanmalar bilan tanishdi.

O‘tkazilgan uchrashuvlar Koreya tajribasini o‘rganish va O‘zbekiston hamda Koreya Respublikasi o‘rtasida davlat xaridlari, sanoat kooperatsiyasi va zamonaviy texnologiyalar sohalarida hamkorlikni yana-da rivojlantirishning amaliy yo‘nalishlarini izlashga bag‘ishlandi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.