Iqtisod

O‘zbekistonda korxonalarda HACCP tizimini joriy etish muhokama qilindi

O‘zbekistonda korxonalarda HACCP tizimini joriy etish muhokama qilindi
O‘zbekistonda korxonalarda HACCP tizimini joriy etish muhokama qilindi / Foto: Oziq-ovqat xavfsizligi qo'mitasi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligiga qo‘yiladigan xalqaro talablarni yana-da joriy etish va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning eksport salohiyatini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

 

Masalalar Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi raisi Azizbek Urunov va Xalqaro savdo markazi (ITC)ning Sharqiy Yevropa hamda Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik yo‘nalishi rahbari Yelena Butrimova o‘rtasidagi uchrashuvda ko‘rib chiqildi.

Tomonlar hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida korxonalarda xavflarni tahlil qilish va muhim nazorat nuqtalari tizimi — HACCP, shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini boshqarishning boshqa xalqaro tizimlarini joriy etishni belgiladi.

Uchrashuvda korxonalarning xalqaro standartlarga muvofiqligini oshirish o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilarning xorijiy bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishi va ularning eksport salohiyatini oshirishi taʼkidlandi.

Shuningdek, Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan Ready4Trade Central Asia loyihasi imkoniyatlaridan foydalangan holda eksportga yo‘naltirilgan oziq-ovqat sanoati korxonalarini qo‘llab-quvvatlash masalasi alohida muhokama qilindi.

Ishtirokchilar raqamlashtirish masalalarini ham ko‘rib chiqdi.

Xalqaro hamkorlikning amaldagi namunasi sifatida O‘zbekistonning fitosanitariya sohasidagi tajribasi qayd etildi. Unda elektron fitosanitar sertifikatlar IPPC ePhyto Solution xalqaro tizimi orqali almashiladi.

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.