Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 28–29 sentyabr kunlari Dohada investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Laziz Qudratov Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki (OTIIB) rahbariyati, Qatar hukumati, moliya va ishbilarmon doiralari vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Muzokaralar OTIIB Boshqaruv kengashining 11-yillik yig‘ilishi doirasida bo‘lib o‘tdi.
OTIIB rahbariyati bilan uchrashuvlarning asosiy natijalaridan biri O‘zbekiston va bank o‘rtasida hajmi 5 milliard dollar bo‘lgan yangilangan Hamkorlik dasturining imzolanishi bo‘ldi.
Shuningdek, tomonlar qiymati 300 million dollar bo‘lgan elektr uzatish tarmoqlarini modernizatsiya qilish loyihasini tayyorlash uchun grant bitimini imzoladi. Muzokaralar davomida OTIIBning Toshkentda vakolatxonasini ochish imkoniyati hamda istiqbolli infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish masalalari muhokama qilindi.
Qatar tomoni bilan uchrashuvlarda asosiy eʼtibor O‘zbekiston mahsulotlari eksportini kengaytirishga qaratildi. Xususan, Qatarning savdo tarmoqlarida o‘zbek ishlab chiqaruvchilari shourumlarini ochish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Qatarning yetakchi kompaniyalari bilan muzokaralarda sanoat, logistika, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi va moliya sohalaridagi istiqbolli qo‘shma loyihalar muhokama qilindi.