Iqtisod

O‘zbekiston 2030 yilgacha logistika tarmog‘ini rivojlantirish rejalarini taqdim etdi

O‘zbekiston 2030 yilgacha logistika tarmog‘ini rivojlantirish rejalarini taqdim etdi
O‘zbekiston 2030 yilgacha logistika tarmog‘ini rivojlantirish rejalarini taqdim etdi / Foto: Oʻzbekiston Transport vazirligi matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston xalqaro ekspertlar va investorlarga transport-logistika markazlarini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar natijalari hamda sohani 2030 yilgacha kengaytirish rejalarini taqdim etdi.

Taqdimot 30 sentyabr kuni Transkaspiy transport koridori Koordinatsiya platformasi doirasida o‘tkazilgan ikkinchi Milliy konferensiyaning maxsus sessiyasida bo‘lib o‘tdi.

Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazi direktori Bekzod Xolmatov mamlakat logistika tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha hukumatning qarashlarini taqdim qildi.

Taqdimot davomida logistika sohasidagi davlat siyosati, jumladan, transport-logistika markazlari va quruq portlar tarmog‘ini kengaytirish, 2030 yilgacha rivojlanishning strategik yo‘nalishlari hamda davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari haqida maʼlumot berildi.

2021–2026 yillarda O‘zbekiston BMT YESKATOning xalqaro ahamiyatga ega quruq portlar to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimiga qo‘shildi, transport-logistika sohasini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqdi hamda logistika markazlariga qo‘yiladigan namunaviy talablarni belgiladi.

YESKATO bilan hamkorlikda quruq portlar tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazildi. 2025 yilda mamlakatdagi 80 dan ortiq logistika obyekti belgilangan talablarga muvofiqligi bo‘yicha tekshirildi. Natijada 27 ta obyekt talablarga muvofiq deb topilib, tegishli reyestrga kiritildi. Shu bilan birga, 24 ta markaz YESKATOning «Xalqaro ahamiyatga ega quruq portlar» ro‘yxatidan joy oldi.

Mamlakatda logistika markazlari faoliyatini baholash va ularning reytingini shakllantirish amaliyoti ham joriy etildi.

Ayni paytda umumiy maydoni 739 gektar bo‘lgan 17 ta logistika markazini tashkil etish loyihalari amalga oshirilmoqda. Ularning 462 gektari yangi loyihalarga, yana 277 gektari amalga oshirilishi davom etayotgan loyihalarga to‘g‘ri keladi.

Bundan tashqari, Xonabod, Yangio‘l, Ohangaron, Olota va Termiz tumanlarida har biri 50 gektargacha bo‘lgan ixtisoslashtirilgan zonalar va logistika markazlarini tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Keyingi bosqichning ustuvor yo‘nalishlaridan biri logistika tizimini raqamlashtirish bo‘ladi. 2030 yilgacha barcha transport-logistika markazlarida zamonaviy TOS, WMS va ANPR raqamli yechimlarini joriy etish, keyinchalik ularni yagona milliy “E-Logistika” platformasiga integratsiya qilish rejalashtirilgan.

Taqdimotda O‘zbekistonda zamonaviy 3PL operatorlarini rivojlantirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi.

2027 yilda transport-logistika markazlarini rivojlantirish uchun xalqaro moliya institutlarining 200 million dollardan ortiq imtiyozli kredit mablag‘larini, shuningdek, Yevropa Ittifoqining Global Gateway strategiyasi doirasidagi moliyalashtirishni jalb etish rejalashtirilmoqda.

Kutilishicha, ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirish O‘zbekistonning transport-logistika salohiyatini oshirish, mamlakatning xalqaro transport koridorlaridagi ishtirokini kengaytirish va zamonaviy logistika tarmog‘ini shakllantirish imkonini beradi.

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.