Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) prezidenti Janni Infantinoni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini va tashkilot bilan yaqin hamkorlikni davom ettirish niyatida ekanini maʼlum qildi.
Bu bayonot Janni Infantinoning O‘zbekistonga tashrifi doirasida yangradi. FIFA prezidenti Toshkentda futbol infratuzilmasi sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar, jumladan, «Yangi Toshkent» hududida yangi stadion qurilishi bilan tanishdi.
Infantino stadion qurilishining borishi, uning infratuzilmasi hamda O‘zbekistonda FIFA U-20 Jahon chempionatini o‘tkazish uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida maʼlumot oldi.
FIFA prezidenti, shuningdek, O‘zbekiston milliy terma jamoasi bilan uchrashdi. Tomonlar o‘zbek futbolidagi joriy holat va uni rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, terma jamoaning xalqaro musobaqalardagi ishtiroki masalalarini muhokama qildi.
O‘FA prezidenti bilan uchrashuvda Janni Infantino FIFA bilan hamkorlik, futbol infratuzilmasini rivojlantirish, yoshlar futboliga ko‘maklashish hamda o‘zbek futbolini xalqaro maydonda yana-da ilgari surish masalalarini muhokama qildi.
Tashrif doirasida FIFA rahbari Toshkentdagi 90-sonli umumtaʼlim maktabida yangi futbol maydonining ochilish marosimida ham ishtirok etdi. Loyiha yoshlar o‘rtasida ommaviy sportni rivojlantirish va futbol bilan shug‘ullanish uchun zamonaviy sharoitlar yaratishga qaratilgan.
O‘FA FIFA va Janni Infantinoni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini hamda xalqaro federatsiya bilan yaqin hamkorlikni davom ettirishini taʼkidladi.