Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov boshqaruv raisi Xurshit Nalli boshchiligidagi Turkiyaning Bademli kooperativi delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda tomonlar qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik istiqbollari va yangi loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi.
Alohida eʼtibor ko‘chatchilikni rivojlantirishga qaratildi. Xususan, hosildorligi yuqori va eksportga yo‘naltirilgan meva navlarini yetishtirish, ko‘chat materiallarini import qilish hamda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Xayrullo Bozorov viloyatda bunday loyihalarni amalga oshirish uchun zarur sharoit va imkoniyatlar mavjudligini taʼkidladi.
Bademli vakillari kooperativning ko‘p yillik tajribasini inobatga olgan holda o‘z takliflarini taqdim etdi.
Jumladan, Turkiya tomoni zamonaviy laboratoriyalar tashkil etish, malakali mutaxassislarni tayyorlash va ko‘chatchilikni ilmiy hamda tizimli asosda rivojlantirishni taklif qildi.
Farg‘ona viloyati hokimi istiqbolli tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar mazkur yo‘nalishda hamkorlikni davom ettirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.