Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov 29 sentyabr kuni Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki va Xalqaro mehnat tashkiloti vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda pensiya islohotining keyingi yo‘nalishlari muhokama qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.
Uchrashuvda XMT Ijtimoiy himoya departamenti aktuar xizmatlar bo‘limi rahbari Andre Pikar, XVJ Byudjet masalalari departamenti katta iqtisodchisi Chaba Fexer va Jahon bankining ijtimoiy himoya masalalari bo‘yicha katta mutaxassisi Ximanshi Jeyn ishtirok etdi.
Ishtirokchilar xalqaro tajriba hamda O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatlarini inobatga olgan holda pensiya tizimini yana-da takomillashtirish masalalarini ko‘rib chiqdi.
Pensiya tizimining uzoq muddatli barqarorligini taʼminlash, pensiya huquqlarini shakllantirish mexanizmlarini takomillashtirish va aholini pensiya tizimi bilan qamrab olishni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, jamg‘arib boriladigan tarkibiy qismni rivojlantirish va pensiya tizimini demografik o‘zgarishlarga moslashtirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida tomonlar pensiya tizimi arxitekturasini takomillashtirish, jumladan, turli pensiya komponentlarini uyg‘unlashtirish bo‘yicha ehtimoliy yondashuvlarni ko‘rib chiqdi.
Bundan tashqari, pensiya jamg‘armalarini boshqarish, individual pensiya hisob raqamlarini rivojlantirish, investitsiya mexanizmlari va pensiya aktivlarini boshqarishga institutsional yondashuvlar masalalari bo‘yicha fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilar pensiya islohotining keyingi yo‘nalishlarini muhokama qildi hamda aktuar, moliyaviy va ijtimoiy jihatlarni hisobga olgan holda ekspertlik hamkorligini davom ettirish muhimligini taʼkidladi.