Texnologiyalar

O‘zbekiston va Shveysariya raqamli texnologiyalar sohasida hamkorlikni muhokama qildi

O‘zbekiston va Shveysariya raqamli texnologiyalar sohasida hamkorlikni muhokama qildi
O‘zbekiston va Shveysariya raqamli texnologiyalar sohasida hamkorlikni muhokama qildi / Foto: Raqamli rivojlanish vazirligi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Shveysariyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Simon Giger bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi xabar berdi.

Tomonlar raqamli texnologiyalar, sunʼiy intellekt, innovatsiyalar, investitsiyalar va ilmiy-tadqiqot faoliyati sohalarida hamkorlikni yana-da rivojlantirish yo‘nalishlarini ko‘rib chiqdi.

Sherzod Shermatov mamlakatda raqamli transformatsiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, IT sanoati va startap ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha maʼlumot berdi. Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun sharoit yaratish, IT xizmatlari eksportini kengaytirish va dasturiy yechimlarni boshqa texnologik imkoniyatlar bilan uyg‘unlashtirgan startaplarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar alohida qayd etildi.

Muzokaralarda sunʼiy intellekt masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Ikki mamlakat vakillari raqamli taʼlim va boshqa sohalarda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan ochiq va amaliy sunʼiy intellekt modellarini ishlab chiqish yuzasidan fikr almashdi.

Bundan tashqari, tomonlar Shveysariya kompaniyalarining O‘zbekistondagi investitsiya loyihalarida yana-da faol ishtirok etishi imkoniyatlarini muhokama qildi. Xususan, Shveysariyaning eksportni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlaridan foydalanish va ikki mamlakat o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini yana-da mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar tegishli tashkilotlar va xususiy sektor vakillari o‘rtasidagi hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini tasdiqladi. Shuningdek, O‘zbekiston va Shveysariyaning raqamli texnologiyalar sohasidagi hamkorligini yana-da rivojlantirishdan manfaatdorlik bildirildi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.