Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Migratsiya agentligi direktori Muxsinxo‘ja Abdurahmonov Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Aleksey Yerxov bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar O‘zbekiston fuqarolarini Rossiyaga ishlash uchun uyushgan holda yuborish mexanizmlarini takomillashtirish va ularning mamlakatdan chiqib ketishidan oldin zarur jarayonlarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.
Muzokaralar davomida «barcha jarayonlar bir joyda» tamoyili asosida kompleks markaz tashkil etish taklif qilindi.
Unda mamlakatdan chiqishdan oldin test sinovlarini o‘tkazish, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, biometrik maʼlumotlarni olish va barmoq izlarini qayd etish, shuningdek, hujjatlarni tekshirish jarayonlarini amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda.
Rus tili bo‘yicha imtihonlarni bevosita hududlarda tashkil etishga alohida eʼtibor qaratildi. Bunday yondashuv fuqarolarning Toshkentga kelish zarurati bilan bog‘liq vaqt va xarajatlarini qisqartirish imkonini beradi. Imtihonlarni o‘tkazish uchun zarur infratuzilma hozirning o‘zida to‘rtta hududda tayyorlangan.
Taklif etilayotgan mexanizmga ko‘ra, Rossiyada ishlashni rejalashtirayotgan fuqarolar mamlakatdan chiqib ketishidan oldin ish joyi, korxona va mehnat sharoitlarini aniq bilib oladi.
Shuningdek, ular zarur hujjatlarni oldindan rasmiylashtirishi va belgilangan jarayonlardan o‘tishi mumkin bo‘ladi.
Uyushgan holda ishga yuborishni muayyan ish beruvchilarning buyurtmalari asosida amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Bu fuqarolarning Rossiyaga qonuniy va aniq tartibda ishlash uchun chiqib ketishini taʼminlashga qaratilgan.