Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Eron qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlikni yana-da rivojlantirish bo‘yicha kelishib oldi. Bu haqda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi xabar berdi.
Toshkentda O‘zbekiston — Eron qishloq xo‘jaligi biznes-forumi doirasida ikki davlat ishchi guruhining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisining o‘rinbosari Sherzod Ibrohimov ishtirok etdi.
Ishtirokchilar agrar sohadagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, mavjud aloqalarni tizimli ravishda rivojlantirish hamda o‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash masalalarini muhokama qildi.
Uzoq muddatli hamkorlik dasturini ishlab chiqish, o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish va ikki mamlakat biznes vakillari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Eron Qishloq xo‘jaligi vazirligi ishchi guruh yig‘ilishi bayonnomasini imzoladi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamda Eron Savdo, sanoat, qishloq xo‘jaligi va tog‘-kon sanoati palatasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi.