Shoshilinch
Iqtisod

Shavkat Mirziyoyev 2050-yilgacha energetikani rivojlantirish rejalarini ko'rib chiqdi

Shavkat Mirziyoyev 2050-yilgacha energetikani rivojlantirish rejalarini ko'rib chiqdi
Shavkat Mirziyoyev 2050-yilgacha energetikani rivojlantirish rejalarini ko'rib chiqdi / Foto: O'zbekiston Prezidenti matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev elektr energetikasini rivojlantirish istiqbollari va yoqilg‘i-energetika tarmog‘idagi loyihalarni boshqarish mexanizmlarini takomillashtirishga oid taqdimot bilan tanishdi.

Energetika tizimi iqtisodiy oʻsish, investitsiya faolligi va aholi farovonligini taʼminlashning muhim omillaridan biri hisoblanadi.

Soʻnggi yillarda sohaga xususiy sektor va xorijiy investorlar keng jalb qilinib, yangi generatsiya quvvatlarini barpo etish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish va tarmoqlarni modernizatsiya qilish boʻyicha yirik loyihalar amalga oshirildi. Bu boradagi islohotlar natijasida quyosh va shamol elektr stansiyalarining umumiy quvvati 6,3 gigavattdan oshdi. Gidroelektr stansiyalar soni 100 tadan ortib, ularning umumiy quvvati 2,5 gigavattga yaqinlashdi. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari kengayishi hisobiga har yili katta miqdorda tabiiy gaz tejalmoqda.

2030-yilga borib, mamlakat iqtisodiyoti hajmini 300 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan, aholi soni esa 41 milliondan ortishi kutilmoqda. Sanoatning oʻzida elektr energiyasi isteʼmoli 2030-yilgacha 38 milliard kilovatt-soatdan 53,5 milliard kilovatt-soatgacha oʻsishi prognoz qilinmoqda. Elektromobillar va data-markazlar rivojlanishi ham tizimga qoʻshimcha yuklama beradi.

Shu bois, generatsiya quvvatlarini talabdan oldin rivojlantirish, elektr tarmoqlarining oʻtkazuvchanligini oshirish va yetarli zaxira quvvatlarini shakllantirish zarurligi qayd etildi.

Rejaga koʻra, 2030-yilga borib, mamlakatdagi generatsiya quvvatlari 46,1 gigavattga yetkazilib, yiliga qariyb 129 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi. 2035-yilda esa quvvatlarni 57,2 gigavattga, yillik generatsiyani 154,7 milliard kilovatt-soatga yetkazish koʻzda tutilgan.

Taqdimotda elektr energiyasi isteʼmolining turli oʻsish ssenariylari ham koʻrib chiqildi.

Hisob-kitoblarga koʻra, isteʼmol moʻtadil oʻsganda 2030-yilgacha generatsiya va talab oʻrtasida yetarli muvozanat saqlanadi. Biroq iqtisodiyot, sanoat, elektr transport va raqamli infratuzilma tez surʼatlarda rivojlangan taqdirda qoʻshimcha generatsiya quvvatlariga ehtiyoj paydo boʻladi.

Davlatimiz rahbari energetika sohasidagi rejalar iqtisodiyotning yuqori oʻsish surʼatlarini hisobga olgan holda shakllantirilishi, tizimda doimo yetarli zaxira quvvati boʻlishi shartligini taʼkidladi.

Shundan kelib chiqib, qoʻshimcha shamol elektr stansiyalari va energiya saqlash tizimlarini barpo etish, amalga oshirilayotgan quyosh va shamol energetikasi loyihalarini jadallashtirish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.

Ayni paytda iqtisodiy samaradorligi past, moliyalashtirish manbasi aniq boʻlmagan yoki uzoq vaqtdan buyon kechikayotgan ayrim loyihalarni qayta koʻrib chiqish zarurligi qayd etildi. Yangi quvvatlarni tanlashda faqat ularning hajmi emas, balki elektr energiyasi tannarxi, tarmoqqa ulanish imkoniyati, energiya saqlash tizimlari bilan uygʻunligi va umumiy energobalansga taʼsiri asosiy mezon boʻlishi belgilandi.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushi ortib borgan sari energiya saqlash tizimlarining ahamiyati ham oshmoqda.

Bunday tizimlar kunduzi quyosh va shamol stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini toʻplab, uni kechki yuqori yuklama vaqtida tarmoqqa uzatish imkonini beradi. Bu anʼanaviy elektr stansiyalarida qoʻshimcha gaz yoqish zaruratini kamaytirib, butun tizim barqarorligini oshiradi.

Hozir energiya saqlash tizimlari boʻyicha umumiy quvvati 4,2 gigavatt boʻlgan 26 ta loyiha shakllantirilgan. Ulardan 17 tasi amalga oshirish bosqichida. 2030-yilgacha ayni yoʻnalishda qoʻshimcha yangi loyihalarni shakllantirish taklif qilindi.

Prezidentimiz generatsiya quvvatlarini koʻpaytirish bilan birga ularni isteʼmolchilarga yetkazib beradigan magistral tarmoq va podstansiyalarni ham oldindan barpo etish zarurligini koʻrsatib oʻtdi.

2030-yilga qadar 9 ta 220 kilovoltli va 7 ta 500 kilovoltli yangi podstansiya qurish, qariyb 5 ming kilometr yangi elektr uzatish tarmoqlarini barpo etish rejalashtirilgan. Bu yangi elektr stansiyalarini energotizimga ulash, hududlar oʻrtasida quvvat almashinuvini kengaytirish imkonini beradi.

Xususan, 2027-2029-yillarda bir qator strategik 500 kilovoltli elektr uzatish tarmoqlari va yangi podstansiyalarni ishga tushirish koʻzda tutilgan. Taqdimotda ularning qurilish holati, moliyalashtirish masalalari va mavjud kechikishlarni bartaraf etish choralari alohida koʻrib chiqildi.

Qoraqalpogʻistonda qayta tiklanuvchi energiyaning katta salohiyatidan foydalangan holda raqamli iqtisodiyot uchun yangi infratuzilma yaratish masalasi ham muhokama qilindi.

Hududda istiqbolli shamol elektr stansiyalarini 1 gigavatt quvvatli data-markazlar bilan bogʻlash, buning uchun yangi 220 kilovoltli podstansiya va elektr uzatish tarmoqlarini qurish taklif etildi. Mazkur infratuzilma yangi data-markazlarni energotizimga integratsiya qilish, yuqori texnologiyali investitsiyalarni jalb etish va hududning mavjud energetik salohiyatidan samarali foydalanish imkonini beradi.

Taqdimotda sohadagi investitsiya loyihalarini shakllantirish va amalga oshirish tizimini tubdan oʻzgartirish boʻyicha takliflarga alohida eʼtibor qaratildi.

Amalda koʻp hollarda loyiha investor tashabbusidan boshlanadi. Yer maydoni, tarmoqqa ulanish, texnik shartlar, tarif va investitsiya bitimlari turli idoralar bilan alohida kelishiladi. Bu esa jarayonlarning choʻzilishi, idoralar funksiyalarining takrorlanishi va ayrim loyihalarning tizim ehtiyoji bilan yetarlicha bogʻlanmasligiga olib kelmoqda.

Shu bois, yangi boshqaruv modeli taklif qilindi.

Endilikda energetika loyihalari, eng avvalo, iqtisodiyot, aholi va hududlarning istiqboldagi ehtiyojidan kelib chiqib shakllantiriladi. Avval talab aniqlanadi, keyin zarur generatsiya va infratuzilma quvvatlari rejalashtiriladi. Yer maydoni, tarmoqqa ulanish nuqtasi va texnik yechimlari oldindan tayyor boʻlgan loyiha shakllantirilib, investor ochiq va raqobatli tanlov asosida aniqlanadi.

Bunda har bir idoraning vazifa va javobgarligi aniq belgilanadi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi talab prognozini shakllantiradi, Energetika vazirligi strategik rejalashtirish va texnik siyosat uchun javob beradi, Energetika bozori regulyatori bozor munosabatlari va tariflarni tartibga soladi. Investitsiyalar sohasiga masʼul idoralar investorlarni ochiq tanlov asosida jalb qiladi, mahalliy hokimliklar esa yer va zarur infratuzilma masalalarini hal etadi.

Shuningdek, hududlar va tarmoqlar kesimida energiya resurslariga bo‘lgan ehtiyojning aniq prognozini shakllantirish, shu asosda har yili yangilanadigan uch yillik investitsiya rejalarini qabul qilish taklif etildi. Bu generatsiya quvvatlari, elektr tarmoqlari va zarur infratuzilmani o‘zaro muvofiq holda oldindan rejalashtirish imkonini beradi.

Uzoq muddatli istiqbolda esa 2050-yilgacha yoqilgʻi-energetika resurslari bilan taʼminlash konsepsiyasini ishlab chiqish koʻzda tutilgan. Unda milliy resurs salohiyati, demografik va iqtisodiy oʻsish, energiya samaradorligi, qayta tiklanuvchi va atom energetikasini rivojlantirish, shuningdek, energetika xavfsizligini taʼminlash masalalari kompleks hisobga olinadi. Konsepsiyani har besh yilda qayta koʻrib chiqish taklif qilindi.

Davlatimiz rahbari energetikada har bir yangi loyiha iqtisodiyot va aholining uzoq muddatli ehtiyojiga xizmat qilishi, ishlab chiqarish, tarmoq yuklamasi va isteʼmol oʻrtasida doimiy muvozanat taʼminlanishi kerakligini taʼkidladi.

Mutasaddilarga amalga oshirilayotgan yirik loyihalarni belgilangan muddatlarda ishga tushirish, kechikayotganlari boʻyicha investorlar bilan aniq choralar koʻrish, generatsiya quvvatlari bilan elektr tarmoqlarini mutanosib rivojlantirish, energiya saqlash tizimlarini kengaytirish hamda sohada yangi rejalashtirish va boshqaruv modelini joriy etish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.