O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
Iqtisod

Namanganda Yaponiya bilan taʼlim sohasida hamkorlik kengaytirilmoqda

Dilafro'z Niyazova · 09.09.2026 · 12:20 · 62 views
Namanganda Yaponiya bilan taʼlim sohasida hamkorlik kengaytirilmoqda
Namanganda Yaponiya bilan taʼlim sohasida hamkorlik kengaytirilmoqda / Foto: Namangan viloyati hokimligi matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Namangan viloyatida yapon taʼlim tashkilotlari bilan hamkorlik Yaponiya taʼlim modelini bosqichma-bosqich sinovdan o‘tkazish doirasida kengaytirilmoqda. Bu haqda Namangan viloyati hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Sinov loyihalar taʼlim sifatini oshirish, o‘quvchilarda zamonaviy ko‘nikmalarni rivojlantirish va xorijiy tajribani taʼlim jarayoniga joriy etishga qaratilgan.

Ayni paytda tashabbusda 17 ta umumtaʼlim maktabi va 18 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti ishtirok etmoqda. Ularda Yaponiya taʼlim tizimining ayrim yo‘nalishlari joriy etilmoqda. Loyihaga shuningdek, ushbu sohada katta tajribaga ega yapon mutaxassisi Goto Mikako jalb qilingan.

Hamkorlikning yangi bosqichi Yaponiyaning Kawaijuku Group tarkibiga kiruvchi KEI Advanced taʼlim kompaniyasining ishtiroki bilan bog‘liq. Kompaniya taʼlim sifatini baholash, test tizimlarini ishlab chiqish, pedagoglarning malakasini oshirish va yapon taʼlim tajribasini xorijda ommalashtirish bilan shug‘ullanadi.

Namanganga KEI Advanced va kompaniyaning O‘zbekistondagi asosiy hamkor tashkilotlaridan biri — Nippon Global Education and Assessment (NGEA) menejeri Nobuaki Kimura tashrif buyurdi. Yapon tomoni vakillarini Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzakov qabul qildi.

Uchrashuv avvalida viloyat rahbari Goto Mikakoga hududda taʼlim tashabbuslarini amalga oshirishdagi faoliyati uchun minnatdorlik bildirdi.

Nobuaki Kimura 2023 yilda Toshkent shahrida tashkil etilgan NGEA faoliyati haqida maʼlumot berdi. Tomonlar, shuningdek, kompaniyaning O‘zbekistondagi loyihalarni amalga oshirish jarayonida to‘plagan tajribasini muhokama qildi.

Jumladan, 2021–2023 yillarda JICA loyihasi doirasida Yaponiyaning bilimlarni baholash va matematika fanini o‘qitishga yondashuvlari mamlakatning 14 ta hududidagi 40 ta maktabda sinovdan o‘tkazilgan.

Muzokaralar davomida ishtirokchilar Namangan viloyatida hamkorlikning keyingi yo‘nalishlarini belgilab oldi.

Uchrashuv yakunida zamonaviy yaxlit taʼlim modeli masalalari bo‘yicha notijoriy muzokaralar olib borish, axborot almashish, hamkorlikning ehtimoliy yo‘nalishlarini o‘rganish hamda keyingi hamkorlikni tayyorlash uchun umumiy asoslarni belgilab beruvchi memorandum imzolandi.