O‘zbekiston va BASF kimyo mahsulotlarini mahalliylashtirishni muhokama qildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda Germaniyaning BASF kompaniyasiga tegishli kimyo mahsulotlari va texnologik yechimlarni tog‘-kon va metallurgiya sohalari uchun mahalliylashtirish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda. Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligida «BASF Markaziy Osiyo» vakillari bilan ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralarda asosiy eʼtibor mahalliy korxonalar bazasida tog‘-kon va metallurgiya sanoatida qo‘llaniladigan flotatsiya reagentlari, maxsus kimyoviy moddalar va yordamchi materiallar ishlab chiqarishga qaratildi.
Uchrashuv ishtirokchilari mahalliy xomashyo va mavjud ishlab chiqarish quvvatlarining salohiyatini, shuningdek, texnologiyalarni transfer qilish imkoniyatini muhokama qildi. Ishlab chiqarishni tashkil etish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar kiritish, qo‘shma korxona tashkil etish, shartnoma asosida ishlab chiqarish va tolling modeli kabi bir nechta shakl ko‘rib chiqilmoqda.
Muzokaralarning alohida yo‘nalishi O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari bozorlariga eksport qilish istiqbollariga bag‘ishlandi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Agentlik BASF kompaniyasiga respublikada o‘zlashtirish uchun tavsiya etilgan import o‘rnini bosuvchi 20 turdagi mahsulot bo‘yicha loyiha tizerlarini yuborishni rejalashtirmoqda.
BASF tomonidan olingan takliflar kompaniyaning mintaqaviy va global biznes bo‘linmalari bilan birgalikda o‘rganiladi. Tahlil natijasida BASF faoliyat yo‘nalishlariga mos keladigan loyihalar aniqlanadi.
Kompaniyani qiziqtirgan tashabbuslar bo‘yicha loyihalarni yana-da ishlab chiqish maqsadida alohida texnik muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.