O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
Iqtisod

Raqobat qo‘mitasi raqamli xizmat platformalarini tekshirmoqda

Dilafro'z Niyazova · 04.09.2026 · 13:20 · 38 views
Raqobat qo‘mitasi raqamli xizmat platformalarini tekshirmoqda
Raqobat qo‘mitasi raqamli xizmat platformalarini tekshirmoqda

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi striming, internet va raqamli televideniye xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar platformalarini o‘rganishni boshladi. Tekshiruv telekommunikatsiya xizmatlari bo‘yicha isteʼmolchilar murojaatlari soni ko‘paygani fonida o‘tkazilmoqda.

2026 yilning joriy davri holatiga ko‘ra, isteʼmolchilarning telekommunikatsiya xizmatlari bo‘yicha shikoyatlari soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ikki baravarga oshib, 1 mingtadan oshdi.

Tahlil davomida ayrim operatorlar va provayderlarning mobil ilovalari hamda veb-saytlarida isteʼmolchilar uchun zarur bo‘lgan maʼlumotlar to‘liq joylashtirilmagani aniqlandi. Xususan, gap tariflar va narxlar, xizmatlarni ko‘rsatish shartlari, ommaviy oferta va boshqa muhim shartlar haqida bormoqda.

Ayrim holatlarda bunday maʼlumotlar davlat tilida ham taqdim etilmagan.

Qo‘mita o‘rganish ishlarini ochiq manbalar asosida olib bormoqda. Mutaxassislar striming, internetga ulanish va raqamli televideniye xizmatlarini ko‘rsatuvchi kompaniyalar platformalarida isteʼmolchilar uchun zarur maʼlumotlar qay darajada to‘liq taqdim etilganini, shuningdek, ular qonunchilik talablariga muvofiqligini baholamoqda.

Shu munosabat bilan tegishli xizmatlarni ko‘rsatuvchi tashkilotlarga mobil ilovalar va veb-saytlardagi maʼlumotlarni to‘liq taqdim etish hamda ularni qonunchilikda belgilangan talablarga muvofiqlashtirish tavsiya etildi.

Isteʼmolchilar o‘z taklif va murojaatlarini Qo‘mitaga info@raqobat.gov.uz va consumer@antimon.gov.uz elektron pochta manzillari orqali yuborishi mumkin.

Qo‘mita maʼlum qilishicha, o‘tkazilgan o‘rganish natijalari bo‘yicha qo‘shimcha maʼlumot keyinroq taqdim etiladi.