Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Italiya to‘qimachilik sanoatidagi ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish hamda o‘zbek mahsulotlarini Yevropa bozoriga yetkazib berish imkoniyatlarini ishlab chiqish niyatida.
O‘zbekiston elchixonasi va xalqaro konsalting kompaniyasi EY‘ning Italiyadagi ofisi ko‘magida «O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati: Yevropa taʼminot zanjirlari uchun imkoniyatlar» mavzusida vebinar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Tadbirda Alviero Martini, Benetton, Bertolo Cashmere, Frette, Ralph Lauren va Gabel Group kabi to‘qimachilik hamda moda sanoatida faoliyat yurituvchi yirik Italiya va xalqaro kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.
Vebinarni O‘zbekistonning Italiyadagi elchisi Abat Fayzullayev hamda mamlakat Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi direktorining o‘rinbosari Ruhullo Zikrillayev ochib berdi.
Ishtirokchilarga to‘qimachilik sanoatida amalga oshirilayotgan islohotlar, korxonalarning ishlab chiqarish imkoniyatlari va O‘zbekistonning eksport salohiyati taqdim etildi. Yevropa bozoriga tayyor mahsulotlar yetkazib berish istiqbollari va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
EY ekspertlari to‘qimachilik mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha Yevropa taʼminot zanjirlarida amal qiladigan huquqiy talablar haqida maʼlumot berdi. Xususan, ekologik va ijtimoiy standartlar, tovarlarning kelib chiqishini aniqlash qoidalari hamda O‘zbekiston uchun mavjud bo‘lgan GSP+ preferensial savdo rejimidan foydalanish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, ishtirokchilar hamkorlikning bir nechta modelini muhokama qildi. Ular Italiya kompaniyalari buyurtmalari asosida to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish va tayyor mahsulotlarni O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarid qilishni nazarda tutadi.
Bo‘lajak shartnomalar muhokamasida mahsulot sifati, xalqaro sertifikatlash, shartnoma shartlari, ishlab chiqarish jarayonlarini nazorat qilish va taʼminot zanjirlarining shaffofligiga alohida eʼtibor qaratildi.
Vebinar yakunida tomonlar manfaatdor Italiya kompaniyalari va O‘zbekistonning to‘qimachilik korxonalari o‘rtasida B2B formatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar tashkil etishga kelishib oldi.
Bunday uchrashuvlar ishtirokchilarga maʼlumot almashishdan aniq hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilish bosqichiga o‘tishga yordam berishi kutilmoqda.