Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21 oktyabr kuni Samarqandda ochilgan «Bolalar farovonligiga investitsiyalar: kelajak avlodlarning barqaror va adolatli rivojlanishi yo‘li» mavzusidagi Jahon sammiti ishtirokchilariga murojaat qildi.
Davlat rahbari bolalarni hayotlarining ilk kunlaridan boshlab qo‘llab-quvvatlash, bolalar onkologiyasini rivojlantirish, xavfsiz raqamli muhitni taʼminlash va bolalarning qarorlar qabul qilishdagi ishtirokini kengaytirishga eʼtibor qaratishni taklif qildi. Shuningdek, amaliy muloqot uchun Samarqand platformasini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.
Mirziyoyev sammitni tashkil etishda ishtirok etgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti, BMT Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF), Jahon banki, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Xalqaro ijtimoiy taʼminot assotsiatsiyasi va boshqa hamkorlarga minnatdorlik bildirdi.
«Har bir bola hozirning o‘zidayoq mehr-muhabbat, xavfsizlik, sifatli taʼlim va zarur tibbiy yordam olish huquqiga ega. Uning qadr-qimmati kelajakda kim bo‘lishi yoki qanday daromad keltirishi bilan o‘lchanmaydi», — dedi Prezident. Uning taʼkidlashicha, bolalik uchun yo‘naltiriladigan mablag‘lar davlat siyosatida izchil va barqaror o‘rin egallashi kerak.
Davlat rahbari amalga oshirilgan islohotlar natijalarini ham keltirdi. Xususan, tug‘ruq vaqtidagi onalar o‘limi va bolalarda o‘sishdan ortda qolish holatlari ikki baravarga kamaydi.
Maktabgacha taʼlim bilan qamrov 27,7 foizdan 78 foizga yetdi. Olti yoshli bolalarning qariyb 100 foizi maktabga tayyorgarlik jarayoniga jalb qilingan. Oliy taʼlim bilan qamrov esa besh baravarga — 9 foizdan 45 foizga oshdi.
Oila va bolalarning ehtiyojlarini erta bosqichda aniqlashga asoslangan ijtimoiy himoya tizimi tufayli so‘nggi besh yilda bolalar kambag‘alligi qariyb to‘rt baravarga qisqardi.
So‘nggi ikki yilda inklyuziv maktablar soni besh baravarga ko‘paydi, nogironligi bo‘lgan bolalarning 85 foizdan ortig‘i taʼlim xizmatlari bilan qamrab olindi. Bugungi kunda yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan barcha bolalar oilalarda tarbiyalanmoqda.
Mirziyoyev o‘zbek xalqining «Bir bolaga yetti mahalla ota-ona» degan maqolini yodga oldi. Uning fikricha, bugungi kunda mazkur anʼanani davlatning aniq kafolatlari, malakali mutaxassislar faoliyati va har bir bolaning shaxsiy daxlsizligiga hurmat bilan yana-da mustahkamlash zarur.
O‘zbekistonda har bir bola, millatidan, tilidan, eʼtiqodidan, sog‘lig‘i yoki oilasining daromadidan qatʼi nazar, savol berish, mustaqil fikrlash, ijod qilish va bilim olish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak.
Qurolli mojarolar, majburiy ko‘chish, iqlim o‘zgarishi va iqtisodiy qiyinchiliklar bolalar hayotiga jiddiy taʼsir ko‘rsatayotganini taʼkidlagan Prezident hamkorlikning bir nechta amaliy yo‘nalishini taklif qildi.
Birinchi yo‘nalish — bolalarni eng erta yoshdan boshlab uzluksiz qo‘llab-quvvatlash. Bunda onalar salomatligi, to‘g‘ri ovqatlanish, erta rivojlanish va maktabgacha taʼlim o‘zaro bog‘liq bo‘lishi lozim.
Ikkinchi yo‘nalish — bolalardagi og‘ir kasalliklarni erta aniqlash va davolash bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish. Bu, jumladan, bolalar onkologiyasi sohasida tajriba almashish, diagnostika sifatini oshirish va sifatli dori-darmonlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishni nazarda tutadi.
«Bolaning qayerda yashashi uning tibbiy yordam olish imkoniyatini cheklamasligi kerak», — deb taʼkidladi Mirziyoyev.
O‘zbekiston Birinchi xonumlarning bolalar onkologiyasi sohasida xalqaro hamkorlik tashabbusini qo‘llab-quvvatlaydi. Prezidentning fikricha, ushbu tashabbusning jamoatchilik va xayriya salohiyati tibbiyot ekspertlarining tavsiyalariga, ehtiyojdan kelib chiqib yordam ko‘rsatishga hamda mablag‘larning shaffof sarflanishiga asoslanishi lozim.
Uchinchi yo‘nalish — xavfsiz taʼlim va raqamli muhitni taʼminlash. Prezident kiberbulling, ekspluatatsiya va shaxsiy maʼlumotlardan suiisteʼmol qilish holatlariga qarshi kurashishda hamkorlikni kuchaytirishga chaqirdi. Shuningdek, bolalar, ota-onalar va pedagoglarga raqamli savodxonlikni rivojlantirishda amaliy yordam ko‘rsatish zarurligini taʼkidladi.
Bundan tashqari, u bolalarning qarorlar qabul qilishdagi ishtirokini ajralmas qismga aylantirishni taklif qildi. Bunda ishtirok etish shakli bolaning yoshiga mos, ixtiyoriy va xavfsiz bo‘lishi kerak.
Hamkorlikni davom ettirish maqsadida O‘zbekiston amaliy muloqot mexanizmi sifatida Samarqand platformasini tashkil etishdan manfaatdor. U samarali tajribalarni almashish, ixtiyoriy qo‘shma loyihalarni tayyorlash va mavjud tashkilotlar bilan birgalikda natijalarni muhokama qilish uchun xizmat qilishi mumkin.
Prezident sammit yakuniy deklaratsiyasi ishtirokchilarning umumiy intilishlarini aks ettirishiga umid bildirdi.
Uning taʼkidlashicha, deklaratsiyani amalga oshirish uchun manfaatdor hamkorlar bilan birgalikda aniq masʼullar, resurslar va muddatlar belgilangan rejalarni ishlab chiqish muhim. Erishilgan natijalar esa kelishilgan ko‘rsatkichlar asosida ochiq muhokama qilinishi lozim.
Mirziyoyev yordamsiz qolib ketayotgan bolalarga alohida eʼtibor qaratish zarurligini taʼkidladi.