Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston hukumati Abu Ali ibn Sinoning ilmiy merosini 2030 yilgacha o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqladi.
Hujjatda Buxoro davlat tibbiyot instituti huzurida ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish, mutafakkir asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilish va uning nomida xalqaro mukofot taʼsis etish nazarda tutilgan. Bu haqda O‘zbekiston Adliya vazirligi xabar berdi.
Hukumatning 575-son qarori 2026 yil 19 oktyabrda qabul qilindi. Reja 2030 yilda nishonlanishi rejalashtirilgan Ibn Sino tavalludining 1050 yilligiga tayyorgarlik doirasida ishlab chiqilgan.
Asosiy tadbirlardan biri Buxoro davlat tibbiyot instituti huzurida davlat muassasasi shaklida Abu Ali ibn Sino nomidagi ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etishdan iborat. Markaz faoliyati olimning tibbiy merosini o‘rganish va tadqiqotlar natijalarini zamonaviy tibbiyotda qo‘llashga yo‘naltiriladi.
Shuningdek, markaz Ibn Sino qo‘lyozmalarini izlash va to‘plash, ularni o‘zbek tiliga tarjima qilish hamda elektron platformani yaratish bilan shug‘ullanadi. Bundan tashqari, tibbiyot xodimlari va tibbiyot tarixi bilan qiziquvchilar uchun o‘quv kurslari hamda mahorat darslarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Muassasa faoliyatini Buxoro davlat tibbiyot institutining byudjetdan tashqari mablag‘lari, xalqaro moliya institutlarining grantlari, pullik xizmatlardan tushadigan daromadlar, xayriya mablag‘lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtirish ko‘zda tutilgan.
Rejaning alohida yo‘nalishi mutafakkir asarlarini nashr etish bilan bog‘liq. Jumladan, «Mujaz al-Qonun» («Tib qonunlari»), «Al-Ishorot va at-tanbihot» («Ko‘rsatmalar va eslatmalar»), “Donishnoma”, «Kitob ash-Shifo» («Shifo kitobi») va «Sharq falsafasi» asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilish rejalashtirilgan. Ushbu asarlarning bosma va elektron nashrlari tayyorlanadi.
2026 yil oktyabr oyida Toshkentda «Ibn Sino — G‘arb va Sharq falsafiy tafakkurining buyuk namoyandasi» mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazish ham nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, reja tibbiyot oliy taʼlim muassasalari, ilmiy markazlar, kutubxonalar va davolash-profilaktika muassasalarida ilmiy-amaliy konferensiyalar, ko‘rgazmalar va ochiq maʼruzalar tashkil etishni o‘z ichiga oladi.
Ibn Sinoning qo‘lyozma merosini o‘rganish uchun xorijiy mamlakatlarga ilmiy ekspeditsiyalar uyushtirish va boshqa davlatlarda saqlanayotgan mutafakkir qo‘lyozmalarini to‘plash ham rejalashtirilgan. Yana bir tashabbus Ibn Sino nomidagi xalqaro mukofotni taʼsis etishdan iborat.
Chora-tadbirlarni amalga oshirish 2030 yilgacha mo‘ljallangan. O‘sha yili O‘zbekiston olim va faylasuf Abu Ali ibn Sino tavalludining 1050 yilligini nishonlashni rejalashtirmoqda.