Shoshilinch
7
O‘zbekiston

Qoraqalpog‘iston OTB bilan hamkorlikni rivojlantirishni muhokama qildi

Qoraqalpog‘iston OTB bilan hamkorlikni rivojlantirishni muhokama qildi
Qoraqalpog‘iston OTB bilan hamkorlikni rivojlantirishni muhokama qildi / Foto: © Қарақалпақстан Республикасы Жоқарғы Кеңеси.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev Osiyo taraqqiyot banki (OTB) vakillari bilan uchrashib, mintaqada amalga oshirilayotgan infratuzilma loyihalari hamda hamkorlikni yana-da rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi.

Muzokaralar 14 oktyabr kuni Osiyo taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi ishtirokida 14–16 oktyabr kunlari o‘tkazilayotgan «Osiyo taraqqiyot banki kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasida» media-missiyasi doirasida bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda OTB ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar natijalari asosiy mavzulardan biri bo‘ldi. Xususan, O‘zbekistonni Yevropa bilan bog‘lovchi A-380 xalqaro avtomobil yo‘lining 240 kilometri rekonstruksiya qilindi. Ushbu yo‘l qismi allaqachon foydalanishga topshirilgan.

Bundan tashqari, uzunligi 25 kilometr bo‘lgan yo‘l qismida sement-beton qoplama yotqizish ishlari davom etmoqda. Yana 92 kilometr yo‘lda ham shunday ishlarni boshlash rejalashtirilgan.

Tomonlar Amudaryo va Nukus tumanlarida aholini ichimlik suvi bilan taʼminlashni yaxshilashga qaratilgan loyihalarni ham muhokama qildi. Jo‘qorg‘i Kenges maʼlumotiga ko‘ra, ushbu tashabbuslar aholi turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan.

Uchrashuv davomida Qoraqalpog‘istonda amalga oshirilayotgan islohotlar va amaliy chora-tadbirlar, shuningdek, OTB ko‘magidagi loyihalarning mintaqani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishdagi ahamiyati taʼkidlandi.

Hamkorlik aloqalarini yana-da mustahkamlash masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.

O‘zbekiston Prezidentining Qoraqalpog‘istonga oid alohida farmonida belgilangan topshiriqlar doirasida respublikada «Iqtisodiy koridor» yondashuvi asosida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish strategiyasini OTB bilan hamkorlikda ishlab chiqish vazifasi ham belgilangan.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.