Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — «O‘zbekiston pochtasi» (UzPost) milliy pochta operatorining davlatga tegishli aksiyalar paketi Rossiyaning Wildberries marketpleysiga to‘liq tegishli WB INT EXPORT kompaniyasining ishonchli boshqaruviga berildi. Bu haqda 2026 yil 21 sentyabrda UzPost aksiyadorlari yig‘ilishi bayonnomasidan olingan ko‘chirmada maʼlum qilingan.
Hujjatda 2025 yil 30 dekabrda tuzilgan ishonchli boshqaruv shartnomasi bir necha bor tilga olingan.
Jumladan, 01/3-94-sonli shartnomaning 6.1-bandiga havola qilingan holda, 2026 yil 31 mart kuni WB INT EXPORT pochta operatori kuzatuv kengashiga kompaniya nomidan besh nafar nomzodni saylash taklifi bilan xat yuborgani ko‘rsatilgan.
11 avgust sanasi bilan belgilangan yana bir xatda aksiyadorlarning navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishini chaqirish va kuzatuv kengashining yangi tarkibini saylash masalasini ko‘rib chiqish talab qilingan.
Ko‘chirmada «Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 65-moddasiga havola qilingan holda, WB INT EXPORT UzPost‘ning davlat ulushi ishonchli boshqaruvchisi sifatida qayd etilgan. Hujjatga ko‘ra, kompaniya qonunchilik va tegishli shartnoma doirasida aksiyador huquqlarini olgan.
21 sentyabrdagi yig‘ilish yakunlariga ko‘ra, uch yil muddatga to‘qqiz kishidan iborat kuzatuv kengashi shakllantirilgan. Undagi beshta o‘rinni Wildberries va uning tuzilmalari bilan bog‘liq vakillar egallagan.
Yangi tarkibga “RVB” investitsiyalar va nazorat departamenti direktori Yevgeniy Mitin, “RVB” yuridik departamenti direktori o‘rinbosari Emil Xasyanov, “RVB” moliya direktori Pavel Logunov, «VB Bank» mintaqaviy rivojlanishni boshqarish departamenti direktori Aleksandra Xmelyova hamda WB INT EXPORT bosh direktori Akmal Primqulov kirgan. Qolgan to‘rtta o‘rin davlat tuzilmalari vakillari va kengashning mustaqil aʼzosiga berilgan.
Litsenziya va aksiyalarning topshirilishi
Shartnoma tuzilishidan avval, 2025 yil 26 noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (IMA) WB INT EXPORT kompaniyasiga investitsiya aktivlarining ishonchli boshqaruvchisi sifatida qimmatli qog‘ozlar bozorida professional faoliyat yuritish uchun litsenziya berilganini maʼlum qilgan.
Kompaniya haqidagi maʼlumotlar ham qimmatli qog‘ozlar bozorining professional ishtirokchilari elektron reyestriga kiritilgan.
UzPost‘ning davlat aksiyalari paketi WB INT EXPORT kompaniyasining ishonchli boshqaruviga bir yil muddatga berilgan.
Bunga 2025 yil 13 oktyabrdagi Vazirlar Mahkamasi qarori va shu yilning 30 dekabrida tuzilgan shartnoma asos bo‘lgan.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligining pozitsiyasi
Korporativ hujjatlardagi maʼlumotlar Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sohibjon Murodovning ommaviy bayonotlaridan farq qiladi.
U 8 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida UzPost Wildberries ishonchli boshqaruvida emasligini aytgan.
Kompaniyaning yopiq hujjat asosida boshqaruvga berilishi haqidagi savolga javob berar ekan, Murodovning taʼkidlashicha, amaldagi ishonchli boshqaruv shartnomasi mavjud emas, tomonlar o‘rtasidagi munosabatlar esa hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv bilan tartibga solinadi.
Shu bilan birga, u ilgari pochta operatorini boshqarishga kompaniyani jalb etish bo‘yicha kelishuv mavjud bo‘lganini tan olgan.
Wildberries‘ning besh nafar vakili kuzatuv kengashiga kiritilganini agentlik rahbari marketpleys tajribasidan foydalanish va pochta infratuzilmasini modernizatsiya qilish uchun mablag‘ jalb etish niyati bilan izohlagan.
Murodov, shuningdek, Wildberries‘dan 360 milliard so‘m miqdorida foizsiz moliyalashtirish jalb etish bo‘yicha dastlabki muzokaralar o‘tkazilganini maʼlum qilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, aksiyadorlar avvalroq yillik 14 foiz stavkada 100 milliard so‘m miqdorida qarz olish taklifini maʼqullamagan.
Shunday qilib, 21 sentyabrdagi aksiyadorlar yig‘ilishi bayonnomasidan olingan ko‘chirmada ishonchli boshqaruv shartnomasi hamda WB INT EXPORT kompaniyasining davlat ulushi boshqaruvchisi sifatidagi huquqlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri havolalar mavjud.
Shu bilan birga, 01/3-94-sonli shartnomaning to‘liq matni ommaga eʼlon qilinmagan.
Shu sababli, mavjud hujjatlar asosida boshqaruv shartlari, ehtimoliy haq miqdori, tomonlarning aniq majburiyatlari va kelishuvni bekor qilish tartibini belgilash imkoni yo‘q.