Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — «Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi» AJ sifatni boshqarish va korrupsiyaga qarshi boshqaruv sohasidagi xalqaro standartlarga muvofiqligini qayta tasdiqladi.
Kompaniyaga ISO 9001:2015 va ISO 37001:2025 sertifikatlari Yevropaning Astraia Certification sertifikatlash tashkiloti tomonidan berildi.
Sertifikatlar kompaniyaning sifat menejmenti tizimi hamda korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimi moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish sohasidagi xalqaro talablarga muvofiqligini tasdiqlaydi.
Kompaniya mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha birinchi marta 2025 yilda sertifikatdan o‘tgan. Navbatdagi tasdiqlash doirasida sifat menejmenti tizimining ISO 9001:2015 talablariga muvofiqligi qayta tasdiqlandi.
Korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimi 2025 yilda yangilangan ISO 37001 standartining yangi tahriri bo‘yicha sertifikatlandi.
Kompaniyada taʼkidlanishicha, sertifikatlarning olinishi ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, faoliyat shaffofligini taʼminlash va korrupsiyaviy xatarlarni kamaytirish bo‘yicha izchil ishlarni aks ettiradi.
«Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi» Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasini aksiyadorlik jamiyatiga aylantirish natijasida tashkil etilgan. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning farmoniga muvofiq, kompaniyaning muassisi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hisoblanadi.
Kichik va o‘rta biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash islohotlari doirasida TRK tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha instrumentlarini joriy etish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ular qatoriga tadbirkorlik loyihalarini ulushli moliyalashtirish, xizmatlar ipotekasi va kafilliklar berish mexanizmlarini kengaytirish kiradi.
Kompaniya, shuningdek, mahalliy va xalqaro kapital bozorlarida, jumladan, xalqaro moliya institutlari va hukumatning moliyaviy tashkilotlari mablag‘lari hisobidan moliyalashtirishni jalb qilishi mumkin.
TRK yangi ish o‘rinlarini yaratish, kichik va o‘rta biznesning innovatsion faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirishga qaratilgan davlat, tarmoq va hududiy loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etadi.
Bundan tashqari, kompaniya o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarning loyihalarini moliyalashtiradi hamda “yashil” va energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etishni qo‘llab-quvvatlaydi.