Shoshilinch
O‘zbekiston

O‘zbekistonda davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi joriy etilishi yakunlandi

O‘zbekistonda davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi joriy etilishi yakunlandi
O‘zbekistonda davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi joriy etilishi yakunlandi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda 1 oktyabrdan mamlakatning barcha hududlarida davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini bosqichma-bosqich joriy etish yakunlandi.

Yangi tizimda tibbiy tashkilotlarni moliyalashtirish davlat tomonidan kafolatlangan paket doirasida amalda ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlarning hajmi va turiga bog‘lanadi.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi axborot xizmati rahbari Sayyora Shoyeva Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazida o‘tkazilgan brifingda maʼlum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Jamg‘arma tibbiy tashkilotlarni aholiga davlat tomonidan kafolatlangan paketga kiritilgan xizmatlarni ko‘rsatish xarajatlari uchun qoplab beradi. Shu tariqa mablag‘lar shunchaki tibbiy muassasaga ajratilmay, amalda ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlar va ularning hajmi hisobga olingan holda yo‘naltiriladi.

Hozirgi vaqtda tibbiy tashkilotlarga to‘lovlar uchta mexanizm asosida amalga oshirilmoqda: aholi jon boshiga, global byudjet doirasida va davolangan holat uchun.

Aholi jon boshiga to‘lov har bir biriktirilgan fuqaro uchun tibbiy xizmatlarni moliyalashtirishni nazarda tutadi.

Hisob-kitob qilishda aholi soni, uning yoshi va jinsi inobatga olinadi.

Global byudjet mexanizmi davlat tomonidan kafolatlangan paket doirasida tibbiy xizmatlar ko‘rsatish xarajatlarini moliyalashtirishning belgilangan hajmini nazarda tutadi. Ushbu model asosida, jumladan, OITSga qarshi kurashish tashkilotlari, qon quyish markazlari, shoshilinch tibbiy yordam markazlari, patologoanatomiya byurolari, onkologiya shifoxonalari, nevrologiya va psixiatriya yo‘nalishidagi muassasalar, narkologiya hamda silga qarshi kurashish shifoxonalari moliyalashtiriladi.

Davolangan holat uchun to‘lov davlat tomonidan kafolatlangan paket doirasida bemorga statsionarda ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlarga nisbatan qo‘llaniladi.

Jamg‘armada taʼkidlanishicha, yangi yondashuv moliyalashtirishni tibbiy muassasaning o‘zini saqlash bilan emas, balki tibbiy xizmatlar ko‘rsatish natijalari bilan bog‘laydi. Tizimda nafaqat davlat, balki belgilangan talablarga javob beradigan nodavlat tibbiy tashkilotlar ham ishtirok etishi mumkin.

Joriy yilning yanvar–sentyabr oylarida Jamg‘arma tibbiy tashkilotlarga 27,1 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ to‘ladi. Shundan 111,2 milliard so‘mdan ortig‘i nefrologiya va gemodializ sohasidagi xizmatlarga yo‘naltirildi.

Tizimni mamlakatning barcha hududlarida bosqichma-bosqich joriy etishning yakunlanishi islohotning keyingi bosqichiga o‘tishni anglatadi.

Asosiy eʼtibor amaldagi mexanizmlarni takomillashtirish, tibbiy xizmatlarni strategik xarid qilishni rivojlantirish va moliyalashtirish samaradorligini oshirishga qaratiladi.

Pirovardida tizim aholiga davlat tomonidan kafolatlangan paket doirasida zarur tibbiy yordamni o‘z vaqtida va sifatli ko‘rsatilishini taʼminlashi kerak.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.