Shoshilinch
7
O‘zbekiston

O‘zbekiston va BMT YEIK urbanizatsiya bo‘yicha hamkorlikni kengaytiradi

O‘zbekiston va BMT YEIK urbanizatsiya bo‘yicha hamkorlikni kengaytiradi
O‘zbekiston va BMT YEIK urbanizatsiya bo‘yicha hamkorlikni kengaytiradi / Foto: UzDaily.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi (BMT YEIK) urbanizatsiya va shaharsozlik sohalaridagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi.

Tegishli yo‘l xaritasi O‘zbekiston Milliy urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyevning Jenevada BMT Bosh kotibining o‘rinbosari, BMT YEIK ijrochi kotibi Tatyana Molchan bilan uchrashuvi yakunlari bo‘yicha imzolandi.

Muzokaralar davomida tomonlar hamkorlikni yana-da rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi hamda O‘zbekistonda urbanizatsiya va shaharlarni rivojlantirish sohasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Uchrashuvning muhim natijalaridan biri mamlakat profilini tayyorlash bo‘yicha kelishuv bo‘ldi. Hujjat shaharlarni rivojlantirish va uy-joy siyosatiga oid asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha O‘zbekistondagi vaziyatni chuqur o‘rganishni nazarda tutadi.

Mamlakat profilini tayyorlash va yo‘l xaritasi qoidalarini amalga oshirishni boshlash uchun BMT YEIK mutaxassislari 2026 yil 26–30 oktyabr kunlari O‘zbekistonga tashrif buyuradi. Tomonlar kelishilgan vazifalar doirasida amaliy ishlarni boshlashga kelishib oldi.

Mamlakat profili qaysi masalalarni qamrab oladi?

BMT YEIKning rasmiy veb-saytidagi maʼlumotlarga ko‘ra, mamlakat profilini tayyorlash, odatda, beshta asosiy yo‘nalish bo‘yicha kompleks tahlilni o‘z ichiga oladi.

Birinchi yo‘nalish huquqiy va institutsional asoslarga taalluqli bo‘lib, shaharsozlik, uy-joy qurilishi va yer munosabatlari sohasidagi qonunchilikni qamrab oladi.

Ikkinchi yo‘nalish uy-joy fondi va infratuzilmaga bag‘ishlangan. Ushbu yo‘nalish doirasida mavjud uy-joylarning holati, ularning energiya samaradorligi hamda aholi uchun uy-joyning qulayligi va hamyonbopligi baholanadi.

Uchinchi yo‘nalish yer resurslarini boshqarish va kadastr bilan bog‘liq. U yer uchastkalarini ajratish va ro‘yxatdan o‘tkazish tartib-taomillarini, shuningdek, ko‘chmas mulk bozorining shaffofligini qamrab oladi.

To‘rtinchi yo‘nalish shaharsozlik va uy-joy sektorlarini rivojlantirishning moliyaviy mexanizmlariga bag‘ishlanadi. Xususan, moliyalashtirish manbalari, ipoteka bozori va investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatlari ko‘rib chiqiladi.

Beshinchi yo‘nalish barqaror va aqlli shaharlarni rivojlantirishni o‘z ichiga oladi. U ekologik barqarorlik, iqlim o‘zgarishiga moslashish choralari va raqamli texnologiyalarni joriy etish masalalarini tahlil qilishni nazarda tutadi.

Yo‘l xaritasining imzolanishi O‘zbekiston va BMT YEIK o‘rtasida shaharsozlik, uy-joy siyosati hamda shaharlarni barqaror rivojlantirish masalalari bo‘yicha keyingi hamkorlik uchun asos yaratadi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.