O‘zbekiston

O‘zbekistonda 106 ta reklama materiali eskizidagi kamchiliklar bartaraf etildi

O‘zbekistonda 106 ta reklama materiali eskizidagi kamchiliklar bartaraf etildi
O‘zbekistonda 106 ta reklama materiali eskizidagi kamchiliklar bartaraf etildi / Foto: Surat sun'iy intellekti tomonidan yaratilgan.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Raqobat qo‘mitasi huzuridagi Raqamli transformatsiya va autsorsing markazi tomonidan 2026 yil avgust oyiga qadar 106 ga yaqin reklama materiallari eskizi ko‘rib chiqildi.

Ko‘rib chiqish natijasida aniqlangan kamchiliklar bartaraf etildi. Shundan so‘ng talablarga muvofiqlashtirilgan materiallar bo‘yicha tegishli xulosalar berildi.

Mazkur ishlar Vazirlar Mahkamasining «Tashqi reklamani joylashtirish sohasidagi faoliyatni yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 702-son qarori doirasida amalga oshirilmoqda.

Hujjatga ko‘ra, Markaz zimmasiga reklama bozori subyektlarini ehtimoliy huquqbuzarliklar haqida oldindan ogohlantirish va profilaktika ishlari samaradorligini oshirish vazifalari yuklatilgan.

Markaz shartnoma asosida reklama materiallarining g‘oyasi, mavzusi va eskizlarini ularning reklama to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga muvofiqligi nuqtai nazaridan ko‘rib chiqadi hamda tegishli xulosalar beradi.

Kelib tushgan murojaatlarning umumiy sonidan 55 ga yaqini tijorat banklarining reklama materiallariga taalluqli bo‘lgan.

Banklarning reklama eskizlarini ko‘rib chiqish jarayonida ayrim materiallarda moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha shartnomalarning muhim shartlari ochib berilmagani aniqlangan.

Jumladan, kredit va depozit xizmatlarini ko‘rsatish muddatlari, to‘liq foiz stavkasi, summalar va boshqa muhim shartlar haqida maʼlumotlar mavjud bo‘lmagan.

O‘zbekiston Respublikasining «Reklama to‘g‘risida»gi Qonuni 43-moddasiga muvofiq, moliyaviy xizmatlar reklamasida ularni ko‘rsatish bo‘yicha shartnomalarning muhim shartlari ochib berilishi lozim.

Markazda taʼkidlanganidek, bunday maʼlumotlarning to‘liq aks ettirilmasligi isteʼmolchilarda moliyaviy xizmatlar shartlari haqida noto‘g‘ri yoki to‘liq bo‘lmagan tasavvur shakllanishiga va tegishli xizmatni tanlash jarayonida ularning chalg‘ishiga olib kelishi mumkin.

Aniqlangan kamchiliklar munosabati bilan tijorat banklariga reklama to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya qilish bo‘yicha tushuntirish va tavsiyalar berildi.

Shundan so‘ng reklama materiallari eskizlaridagi kamchiliklar bartaraf etildi.

Markaz reklama qonunchiligining amaldagi talablariga muvofiqligi bo‘yicha tegishli xulosalar chiqardi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.