Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbek-Fransuz universiteti va tadbirkorlar assotsiatsiyasi «Fransiya – O‘zbekiston Iqtisodiy palatasi» universitetdagi taʼlimni biznes muhiti bilan yaqinlashtirishga qaratilgan o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi. Hujjat 2026 yil 6 oktyabr kuni O‘zbekistondagi Fransiya elchisining qarorgohida imzolandi. Bu haqda palata maʼlum qildi.
Memorandumni universitet rektori Nurmuhammad Yusupov va palata raisi Alisher Haytmetov imzoladi. Hujjat uch yil muddatga tuzildi.
Palata 60 dan ortiq Fransiya va O‘zbekiston kompaniyalarini birlashtiradi hamda 95 mamlakatda 121 ta palatani o‘z ichiga olgan CCI France International tarmog‘iga kiradi.
Memorandum doirasida palata universitet va biznes o‘rtasida vositachi vazifasini bajaradi.
Tomonlar bir qator yo‘nalishlarda hamkorlik qilishga kelishib oldi. Ular qatorida talabalar amaliyoti, dual taʼlim va talabalarni birinchi ish joyi bilan taʼminlash, shuningdek, palataga aʼzo kompaniyalar mutaxassislarining o‘quv jarayonida ishtirok etishi bor.
Palata universitet dasturlarini kompaniyalar o‘rtasida targ‘ib qiladi. Talabalar biznes uchrashuvlari, tematik nonushtalar va sanoat obyektlariga tashriflarda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Bundan tashqari, tomonlar birgalikda kasb yarmarkalari va Karyera kunlarini o‘tkazadi hamda xorijda akademik va professional aloqalarni yo‘lga qo‘yish uchun CCI France International tarmog‘idan foydalanadi.
«Kompaniyalarimizga muhandislar va boshqaruv mutaxassislari kerak, universitet esa har yili aynan shu yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlaydi. Yetishmagan narsa talab ham, taklif ham emas, balki ular o‘rtasidagi yo‘l edi. Biz bugun ana shu yo‘lni ochmoqdamiz», — dedi Alisher Haytmetov.
O‘zbek-Fransuz universiteti talabalarni uchta yo‘nalish bo‘yicha tayyorlaydi: kommunikatsiyalar va tillar, energetika muhandisligi, transport va logistikani boshqarish.