Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Qohira shahrida misrlik sayyohlar uchun mamlakatning turistik imkoniyatlarini taqdim etdi. Taqdimotda tog‘ va qishki dam olish, gastronomik sayohatlar hamda tabiiy diqqatga sazovor maskanlarga alohida eʼtibor qaratildi.
«Turizm Umra Plus: O‘zbekiston va Misr o‘rtasida strategik turistik hamkorlik» tadbiri «Umra plyus» xalqaro turistik assotsiatsiyasi (UPITA) tomonidan O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi va mamlakatning Misrdagi elchixonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Tadbirda Misr davlat idoralari vakillari, turistik kompaniyalar, turoperatorlar hamda ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi.
Tashkilotchilar O‘zbekistonni nafaqat ziyorat turizmi yo‘nalishi, balki tabiat qo‘ynida dam olish, qishki sayohatlar, agroturizm va milliy taomlar bilan tanishish uchun ham jozibador mamlakat sifatida namoyon etishni maqsad qildi.
Tadbirning asosiy vazifalaridan biri ikki mamlakat turoperatorlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish va qo‘shma turistik mahsulotlarni ishlab chiqishdan iborat bo‘ldi.
«O‘zbekiston: tog‘lar, qor va taʼmlar» taqdimoti doirasida ishtirokchilarga qishki dam olish va chang‘i sporti imkoniyatlari, Zomin milliy bog‘i, Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarining tabiiy diqqatga sazovor joylari haqida maʼlumot berildi. Shuningdek, milliy taomlar va xalq hunarmandchiligi mahsulotlari namoyish etildi.
Oilaviy sayohatlar uchun mos turistik obyektlar hamda misrlik sayyohlar uchun tayyorlangan yo‘nalishlarga alohida eʼtibor qaratildi.
Misrlik sayyohlar uchun ikkita turistik yo‘nalish
Tadbir ishtirokchilariga ikkita namunaviy turistik sayohat dasturi taklif etildi. Sakkiz kunlik «Tog‘lar, taʼmlar va meros» yo‘nalishi Toshkent, Chimyon va Chorvoq, Farg‘ona vodiysi hamda Samarqandni qamrab oladi. Yetti kunlik «Tabiat va taʼmlar» sayohati esa Amirsoy, Zomin, Aydarko‘l va Samarqandga tashrif buyurishni nazarda tutadi.
Uchrashuv yakunida tomonlar misrlik turoperatorlar va jurnalistlar uchun tanishuv sayohatlarini tashkil etish, qo‘shma marketing tadbirlari va O‘zbekistonning sayyohlarni qabul qiluvchi kompaniyalari bilan B2B uchrashuvlarini o‘tkazishni taklif qildi. Shuningdek, arab tilida reklama va axborot materiallarini tayyorlash rejalashtirilmoqda.
Uchrashuvning yana bir natijasi Misr Turizm federatsiyasi (Egyptian Tourism Federation), Dahab Group va Best Control tashkilotlari hamda «Umra plyus» xalqaro turistik assotsiatsiyasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumining imzolanishi bo‘ldi. Hujjat Misrdan O‘zbekistonga sayyohlarni jalb qilishga qaratilgan.
Tashkilotchilarning baholashicha, ziyorat safarlarini tabiat, qishki dam olish va gastronomik turizm bilan birlashtirgan kompleks takliflarni rivojlantirish misrlik sayyohlar uchun turistik yo‘nalishlar tanlovini kengaytirish imkonini beradi.
Bunday takliflar, ayniqsa, qishki va bahorgi mavsumlarda sayyohlar oqimini oshirish hamda O‘zbekistonni yil davomida sayohat qilish mumkin bo‘lgan yo‘nalish sifatida targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etishi mumkin.