Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Qohira shahrida mahalliy hamjamiyatlar ishtirokida islomiy va qishloq merosini boshqarishga bag‘ishlangan xalqaro seminarda madaniy merosni saqlash va targ‘ib qilishda turizmdan foydalanish tajribasini taqdim etdi.
Tadbir 2026 yil 12–14 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tmoqda. U Islom hamkorlik tashkilotining Iqtisodiy va savdo hamkorligi bo‘yicha doimiy qo‘mitasi (COMCEC) loyihalarini moliyalashtirish dasturi doirasida Islom mamlakatlari uchun statistik, iqtisodiy va ijtimoiy tadqiqotlar hamda kadrlar tayyorlash markazi (SESRIC) tomonidan tashkil etilgan.
Ochilish marosimida SESRIC bosh direktori Zehra Selchuk va Misr turizm va qadimiy yodgorliklar vaziri Sherif Fathi ishtirok etdi.
Mavzuli amaliy seminar doirasida O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi huzuridagi Turistik mahsulotlarni rivojlantirish ofisi direktorining o‘rinbosari M. Mirzahidov mamlakatda madaniy meros va milliy anʼanalarni turistik mahsulotlar orqali targ‘ib qilish yondashuvlari haqida so‘zlab berdi.
Taqdimotda O‘zbekistonning barqaror turizm, ziyorat turizmi va qishloq turizmi sohalaridagi imkoniyatlari, shuningdek, YUNESKO ro‘yxatlariga kiritilgan moddiy va nomoddiy madaniy meros namunalari namoyish etildi.
Anʼanaviy hunarmandchilik, milliy musiqa va raqslar, o‘zbek milliy taomlari, askiya va baxshichilik sanʼati, shuningdek, turistik qishloqlarga alohida eʼtibor qaratildi.
Taqdim etilgan yo‘nalishlar ishtirokchilarda qiziqish uyg‘otdi. Ular mamlakatning madaniy anʼanalar va mahalliy merosga asoslangan turistik yo‘nalishlarni rivojlantirish salohiyati bilan tanishdi.
Seminarda Misr, Malayziya va Turkiya vakillari, shuningdek, BMTning Jahon turizm tashkiloti (UN Tourism) hamda YUNESKO vakillari ham ishtirok etmoqda.
Tadbir davomida ishtirokchilar madaniy merosni saqlash, turizmni rivojlantirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha tajriba va fikr almashmoqda.
O‘zbekistonning seminardagi ishtiroki milliy tajribani xalqaro miqyosda taqdim etish va mamlakatning turistik imkoniyatlarini targ‘ib qilishga qaratilgan.