Shoshilinch
Iqtisod

O‘zbekiston paxta tolasi ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda beshinchi o‘rinni egalladi

O‘zbekiston paxta tolasi ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda beshinchi o‘rinni egalladi
O‘zbekiston paxta tolasi ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda beshinchi o‘rinni egalladi / Foto: UzDaily.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston 2025 yil yakunlariga ko‘ra, qariyb 1,4 million tonna paxta tolasi ishlab chiqardi va eʼlon qilingan taqqoslamada eng yirik olti ishlab chiqaruvchi mamlakat orasida beshinchi o‘rinni egalladi.

Bu haqda O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi 2025/2026 qishloq xo‘jaligi yili uchun xalqaro ko‘rsatkichlar hamda 2025 yildagi milliy natijalarga tayanib maʼlum qildi.

Turli mamlakatlar ko‘rsatkichlarini taqqoslash uchun ishlab chiqarish hajmlari yagona o‘lchov birligi — paxta tolasiga keltirilgan. Eʼlon qilingan maʼlumotlarga ko‘ra, Xitoy 7,79 million tonna ko‘rsatkich bilan birinchi o‘rinni egallagan. Keyingi o‘rinlarda 5,18 million tonna bilan Hindiston, 4,08 million tonna bilan Braziliya va 3,03 million tonna bilan AQSH qayd etilgan.

Qariyb 1,40 million tonna ko‘rsatkichga ega O‘zbekiston beshinchi o‘rindan joy olgan. Mamlakat bu borada 1,15 million tonna paxta tolasi ishlab chiqarishi baholanayotgan Pokistondan oldinda.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi maʼlumotlariga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekistonda 875,6 ming gektar maydondan xom paxta yig‘ib olingan.

Umumiy hosil 3 million 986 ming tonnani tashkil etgan. Tolaning chiqish darajasi 35 foiz bo‘lganda, ushbu hajm qariyb 1,40 million tonna paxta tolasiga to‘g‘ri keladi.

Vazirlikda taʼkidlanishicha, paxtachilikning rivojlanishi navlarning hosildorligi, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, agrotexnik jarayonlarni tashkil qilish va fermerlarning mehnatiga bog‘liq.

Vazirlik tarmoqning ustuvor vazifalari qatorida nafaqat umumiy paxta yig‘imini ko‘paytirish, balki har bir gektardan olinadigan hosildorlikni oshirish, tola sifatini yaxshilash va qayta ishlash samaradorligini yuksaltirishni ham belgilagan.

Yana bir muhim yo‘nalish — paxta yetishtirishdan tortib tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan qiymat yaratish zanjirini rivojlantirish.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.