Shoshilinch
Moliya

Ipak Yo‘li banki Yevropa moliya institutlaridan 80 mln dollar oladi

Ipak Yo‘li banki Yevropa moliya institutlaridan 80 mln dollar oladi
Ipak Yo‘li banki Yevropa moliya institutlaridan 80 mln dollar oladi / Foto: Ipak Yuli Bank.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — «Ipak Yo‘li» banki kichik va o‘rta biznesni kreditlash, ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash hamda ekologik loyihalarni moliyalashtirish uchun Avstriya va Yevropa moliya institutlaridan 80 million dollar oladi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi Avstriyaning Extrajournal.Net nashriga tayanib xabar berdi.

Bitimni huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash haqida mablag‘ ajratishda ishtirok etayotgan uchta moliya institutining yetakchi maslahatchisi bo‘lgan CMS xalqaro yuridik firmasi maʼlum qildi.

Moliyalashtirish ishtirokchilari qatoriga Avstriyaning Oesterreichische Entwicklungsbank AG taraqqiyot banki, Italiyaning Cassa Depositi e Prestiti S.p.A. tashkiloti hamda Allianz Global Investors boshqaruvidagi Allianz Credit Emerging Markets Fund kiradi.

Nashr maʼlumotiga ko‘ra, ajratiladigan mablag‘larning 35 foizi ayollarga tegishli korxonalarni moliyalashtirishga, yana 30 foizi esa ekologik loyihalar va barqaror rivojlanish bilan bog‘liq tashabbuslarga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.

CMS kompaniyasining Venadagi ofisi yetakchi hamkori Marsell Klarkning taʼkidlashicha, mazkur bitim xalqaro moliya institutlari va investorlarning O‘zbekiston xususiy sektorini barqaror rivojlantirishga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganini aks ettiradi.

Mablag‘larni jalb qilish o‘zbekistonlik korxonalarning kredit resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishi, ayollar tadbirkorligining rivojlanishiga yordam berishi va biznesda ekologik barqaror yechimlarni joriy etishga ko‘maklashishi kutilmoqda.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.