Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Qozog‘istonning Aqto‘be viloyati savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi.
Muzokaralar O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida Qozog‘iston delegatsiyasi ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Delegatsiyaga viloyat hokimi o‘rinbosari Abzal Abdikarimov boshchilik qildi.
Qozog‘istonlik tadbirkorlar rezina-texnika buyumlari, go‘sht va sut mahsulotlari ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi hamda oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash sohalaridagi mahsulotlari va hamkorlik takliflarini taqdim etdi.
Uchrashuv ishtirokchilari yengil sanoat, to‘qimachilik ishlab chiqarishi va logistika sohalarida hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqdi.
Boshqa yo‘nalishlar qatorida ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish va qo‘shma korxonalar tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Aqto‘be viloyatidan O‘zbekiston bozoriga go‘sht va sut mahsulotlarini yetkazib berish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.
Tomonlar sertifikatlash, shuningdek, veterinariya va karantin talablariga rioya qilish masalalari yuzasidan fikr almashdi.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Aqto‘be viloyati ishlab chiqaruvchilari, o‘zbekistonlik xaridorlar, mahalliy ishlab chiqaruvchilar va tegishli tashkilotlar o‘rtasida ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatishga ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilar aloqa maʼlumotlarini almashdi va hamkorlikning muayyan yo‘nalishlari bo‘yicha keyingi ishbilarmonlik muzokaralarini o‘tkazishga kelishib oldi.