Shoshilinch
O‘zbekiston

O‘zbekiston va Fransiya parlamentlararo hamkorlikni kengaytiradi

O‘zbekiston va Fransiya parlamentlararo hamkorlikni kengaytiradi
O‘zbekiston va Fransiya parlamentlararo hamkorlikni kengaytiradi / Foto: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva Fransiya parlamenti vakillari bilan parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi. Uchrashuv Tanzaniyaning Arusha shahrida Parlamentlararo ittifoqning 153-Assambleyasi doirasida bo‘lib o‘tdi.

Muzokaralarda Fransiya Senati Raisining o‘rinbosari Ksavye Iakovelli va Fransiya Milliy assambleyasi deputati Veronik Riotton ishtirok etdi.

Tomonlar ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlari o‘rtasidagi aloqalarni yana-da rivojlantirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.

Hamkorlikka yana-da muntazam va amaliy tus berish maqsadida parlamentlararo hamkorlik guruhlari o‘rtasida uchrashuvlar o‘tkazish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.

Uchrashuvda sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlikka alohida eʼtibor qaratildi. Fransiya tomoni tibbiy xizmatlar sifati va ulardan foydalanish imkoniyatini oshirishga qaratilgan islohotlar fonida O‘zbekiston tajribasini o‘rganish va sohaviy hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini taʼkidladi.

Fransiya vakillari Toshkentda bo‘lib o‘tgan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi tashkil etilishini ham ijobiy baholadi.

Ular O‘zbekistonda parlamentlararo muloqot uchun yaratilgan sharoitlar va ishtirokchilarga ko‘rsatilgan mehmondo‘stlikni alohida qayd etdi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.