Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) Bosh direktori Syuy Dunyuy O‘zbekistonga tashrifi doirasida Toshkent davlat agrar universitetiga tashrif buyurdi.
U O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov bilan birgalikda universitetning taʼlim va ilmiy salohiyati bilan tanishdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.
Tashrif davomida Syuy Dunyuy va Ibrohim Abdurahmonov universitetning zamonaviy obyektlarini ko‘zdan kechirib, talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar. Jumladan, ular meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash va qayta ishlashga mo‘ljallangan laboratoriyani ko‘rib chiqdilar.
FAO Bosh direktori universitet talabalari bilan ham uchrashdi. Uchrashuv davomida u ularning qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligi va agrar sohaga oid fikr-mulohazalari hamda tashabbuslari bilan tanishdi.
Tashrifning yana bir qismi universitet hovlisida ko‘chatni birgalikda ekish bo‘ldi. Ibrohim Abdurahmonov va Syuy Dunyuy ushbu tashabbusda ishtirok etdi. Ushbu tadbir ilm-fan, taʼlim va innovatsiyalarni rivojlantirish, shuningdek, barqaror qishloq xo‘jaligining ramzi sifatida taqdim etildi.
Bundan tashqari, Syuy Dunyuy va unga hamrohlik qilgan vakillar Genomika va bioinformatika markaziga tashrif buyurdilar.
Mehmonlar bu yerda olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar va yangi ishlanmalar bilan tanishdilar.
FAO rahbarining Toshkent davlat agrar universiteti va Genomika va bioinformatika markaziga tashrifi O‘zbekistonning agrar taʼlim va ilm-fan sohasidagi imkoniyatlari bilan tanishish hamda mamlakatning FAO bilan hamkorligini yana-da mustahkamlashga bag‘ishlandi.