Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yil 1 oktyabrdan O‘zbekistonda bitiruvchilarning ishga joylashish ko‘rsatkichi asosida oliy taʼlim muassasalarini baholaydigan «Bitiruvchilar sifati indeksi» joriy etiladi. Har yili eng yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘lgan 20 ta oliy taʼlim muassasasiga karyera markazlarini rivojlantirish uchun davlat byudjetidan 500 mln so‘mdan ajratiladi.
Tegishli Vazirlar Mahkamasining 525-son qarori 2026 yil 29 sentyabrda imzolandi.
Hujjat Prezidentning 2026 yil 10 apreldagi oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi PF-58-son farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida qabul qilingan. Uning maqsadi bitiruvchilarning bandlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha oliy taʼlim muassasalarini rag‘batlantirish va ular o‘rtasida sog‘lom raqobatni shakllantirishdan iborat.
Indeks qanday hisoblanadi
Indeks har yili Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi tomonidan hisoblab chiqiladi. U idoraviy bo‘ysunuvi va tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, barcha oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarini qamrab oladi. Bundan oliy harbiy va harbiylashtirilgan taʼlim muassasalari mustasno. Bitiruvchi deganda hisobot yilida oliy taʼlim muassasasini tamomlab, bakalavr yoki magistr diplomini olgan shaxs tushuniladi. Hisobot yili 1 iyuldan keyingi yilning 30 iyuniga qadar davom etadi.
Baholash bitiruvchilarning ishga joylashish tezligi, barqaror bandlik darajasi, o‘rtacha oylik daromadi va bandlik toifasi kabi to‘rtta ko‘rsatkich asosida amalga oshiriladi. Hisoblash metodikasini agentlik belgilaydi. Xorijiy fuqarolar, shuningdek, harbiy xizmatni o‘tayotgan, ozodlikdan mahrum etilgan yoki vafot etgan bitiruvchilar hisob-kitobga kiritilmaydi.
Oliy taʼlim muassasalari to‘rtta toifa doirasida taqqoslanadi: amaliy fanlar, tibbiyot fanlari, ijtimoiy-gumanitar fanlar, shuningdek, ijod va sport. Hisobot yilida 200 nafardan kam bitiruvchiga ega bo‘lgan oliy taʼlim muassasalarining natijalari alohida hisobga olinadi va ularga rag‘batlantirish tatbiq etilmaydi. Ijodiy va sport oliy taʼlim muassasalari bundan mustasno. Yil davomida tugatilgan oliy taʼlim muassasalari yakuniy natijalarga kiritilmaydi.
Maʼlumotlar qayerdan olinadi
Indeks davlat axborot tizimlaridan maʼlumotlarni avtomatik ravishda yig‘adigan va tekshiradigan avtomatlashtirilgan raqamli platformada shakllantiriladi. Diplomlar, mutaxassisliklar va taʼlim yo‘nalishlari haqidagi maʼlumotlar Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining HEMIS tizimidan olinadi. Soliq qo‘mitasi my.soliq.uz orqali bitiruvchilarning daromadlari, shuningdek, ulardan qanchasi yuridik shaxs tashkil etgani, yakka tartibdagi tadbirkor yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxsga aylangani haqida maʼlumot taqdim etadi.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi «Yagona milliy mehnat tizimi»dan bitiruvchilarning ish joyi, lavozimi, ishga qabul qilingan sanasi va ish staji haqidagi maʼlumotlarni taqdim etadi. Mudofaa vazirligi harbiy xizmatga chaqirilganlar haqida, Ijtimoiy himoya milliy agentligi ijtimoiy himoyaga muhtoj bitiruvchilar haqida, Sog‘liqni saqlash vazirligi esa bola parvarishi taʼtilida bo‘lganlar haqida maʼlumot beradi. Ichki ishlar vazirligi xorijga chiqib ketganlar haqida, Adliya vazirligi kompaniyalar tashkil etilgani va vafot etganlar haqida, Iqtisodiyot va moliya vazirligi esa UzASBO dasturiy majmuasi orqali ish haqi va daromadlar haqida maʼlumot taqdim etadi.
Maʼlumotlarning ishonchliligi uchun ularni taqdim etuvchi vazirlik va idoralar masʼul hisoblanadi. Agar maʼlumotlar noto‘g‘ri yoki soxtalashtirilgani yoki oliy taʼlim muassasasi ko‘rsatkichlarni sunʼiy ravishda oshirishga uringani aniqlansa, agentlik direktori buyrug‘i bilan muassasa shu yil uchun indeksdan chiqarib tashlanadi.
Agentlik platforma ishini Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda 2026 yil 10 noyabrga qadar byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan yo‘lga qo‘yishi kerak. 1 noyabrga qadar uning kiberxavfsizlik talablariga muvofiqligi «Kiberxavfsizlik markazi» davlat muassasasi tomonidan tekshiriladi. 1 dekabrga qadar Raqamli texnologiyalar vazirligi idoralarning axborot tizimlarini «Elektron hukumat» idoralararo platformasi orqali ushbu tizim bilan integratsiya qilishi lozim.
Muddatlar va “svetofor” tizimi
Agentlik ishtirok etuvchi oliy taʼlim muassasalari ro‘yxatini toifalar bo‘yicha 15 iyulga qadar tasdiqlaydi, dastlabki natijalar esa 15 avgustga qadar shakllantiriladi. Ular 10 kun ichida platformadagi shaxsiy kabinetlar orqali oliy taʼlim muassasalariga yuboriladi. Oliy taʼlim muassasalari 10 kun davomida natijalarni tekshirib, xatolar haqida xabar berishi mumkin. Agentlik murojaatlarni 15 kun ichida ko‘rib chiqadi. Agar xato maʼlumot manbasi bilan bog‘liq bo‘lsa, natija o‘zgarishsiz qolishi mumkin, biroq agentlik maʼlumotlarni yig‘ishni takomillashtirish bo‘yicha tegishli idoraga takliflar yuboradi.
Yakuniy natijalar har yili 1 oktyabrga qadar agentlikning veb-saytida eʼlon qilinadi. Ko‘rgazmalilik uchun har bir toifadagi oliy taʼlim muassasalari uch guruhga ajratiladi: eng yaxshi natijalarga ega 30 foiz “yashil”, keyingi 30 foiz “sariq”, qolgan 40 foiz “qizil” guruhga kiritiladi.
Kimlarga mablag‘ beriladi
Rag‘batlantiriladigan oliy taʼlim muassasalari soni har bir toifadagi OTMlar soniga mutanosib ravishda taqsimlanadi. Ballar teng bo‘lgan taqdirda bitiruvchilarning o‘rtacha oylik daromadi ko‘rsatkichi yuqoriroq bo‘lgan OTMga ustunlik beriladi. Agar bu ko‘rsatkich ham bir xil bo‘lsa, bandlikning barqarorligi, uning toifasi va ishga joylashish tezligi hisobga olinadi.
2027 yilda mukofotlar uchun mablag‘lar Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi byudjeti doirasida ajratiladi, 2028 yildan boshlab esa davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutiladi. Vazirlik mablag‘larni davlat oliy taʼlim muassasalariga g‘aznachilik hisob raqamlari orqali, nodavlat oliy taʼlim muassasalariga esa bank hisob raqamlariga o‘tkazadi. Mablag‘larni karyera markazlari xodimlarini rag‘batlantirish, bitiruvchilarning ishga joylashishini monitoring qilish, ish beruvchilar bilan hamkorlik qilish, stajirovka va amaliyot dasturlarini amalga oshirishga yo‘naltirish mumkin.
Indeks natijalaridan norozi bo‘lgan oliy taʼlim muassasalari sudga murojaat qilishi mumkin. Axborot tizimidagi shaxsiy maʼlumotlarni oshkor qilish qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Akkreditatsiya haqida maʼlumotnoma
Shu qaror bilan davlat xizmatlarining yagona maʼmuriy reglamentiga yangi xizmat — taʼlim tashkiloti akkreditatsiyadan o‘tgani haqida maʼlumotnoma berish xizmati ham qo‘shildi. Ushbu xizmat Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi tomonidan bepul ko‘rsatiladi. Maʼlumotnoma uch ish kuni ichida o‘zbek, rus yoki ingliz tillarida beriladi.