Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov 1 oktyabr kuni Janubiy Afrika Respublikasi xalqaro munosabatlar va hamkorlik vaziri Ronald Ozzi Lamola bilan telefon orqali muloqot o‘tkazdi.
Tomonlar ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qilib, O‘zbekiston va JAR o‘rtasidagi hamkorlikda ijobiy dinamika kuzatilayotganini qayd etdi.
Suhbat davomida vazirlar siyosiy muloqotni faollashtirish, savdo-investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish va qo‘shma loyihalarni ilgari surish bo‘yicha aniq qadamlarni ko‘rib chiqdi.
Qo‘shilmaslik harakati doirasidagi hamkorlikka alohida eʼtibor qaratildi. O‘zbekiston JAR tomonining mamlakatning 2027–2030 yillarda Harakatga raisligi davrida o‘tkaziladigan tadbirlarda faol ishtirok etishidan manfaatdor ekanini bildirdi.
Shuningdek, vazirlar savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyani ishga tushirish va ikki davlat o‘rtasidagi shartnomaviy-huquqiy bazani yana-da takomillashtirish masalalarini muhokama qildi.
Telefon orqali muloqot yakunlari bo‘yicha tomonlar yaqin vaqt ichida yuzma-yuz uchrashuv o‘tkazish hamda muzokaralar davomida kelishilgan tashabbuslarni birgalikda ilgari surishga kelishib oldi.