Shoshilinch
O‘zbekiston

O‘zbekistonda magistrlar tayyorlash tizimi o‘zgaradi

O‘zbekistonda magistrlar tayyorlash tizimi o‘zgaradi
O‘zbekistonda magistrlar tayyorlash tizimi o‘zgaradi / Foto: UzA.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda 2026/2027 o‘quv yilidan magistratura darajasida kadrlar tayyorlashning yangi tizimi joriy etiladi. Unda amaliyotga yo‘naltirilgan hamda ilmiy-pedagogik dasturlar nazarda tutilgan. Tegishli chora-tadbirlar 2026 yil 17 sentyabrdagi 500-sonli Vazirlar Mahkamasi qarori bilan belgilandi.

Hujjatga ko‘ra, ishlab chiqarishga (amaliyotga) yo‘naltirilgan magistraturada o‘qish muddati kamida bir yilni, ilmiy-pedagogik dasturlar bo‘yicha taʼlim olish muddati esa kamida ikki yilni tashkil etadi.

Magistraturada taʼlim muayyan mutaxassisliklarning o‘quv rejalari va dasturlari asosida kunduzgi, kechki yoki masofaviy shakllarda tashkil etiladi.

Amaliy yo‘naltirilgan magistraturani tamomlash uchun bitiruvchilar mutaxassislik xususiyatidan kelib chiqib, ish turlaridan birini tayyorlashi va himoya qilishi kerak bo‘ladi. Ular qatoriga loyiha ishi, konstruktorlik loyihasi, startap-loyiha, ratsionalizatorlik taklifi, amaliy yoki ijodiy asar va boshqa turdagi ishlar kiradi.

Ilmiy-pedagogik dasturlar bitiruvchilari magistrlik dissertatsiyasini tayyorlaydi. Dissertatsiya dastlabki himoyadan oldin plagiatga tekshiriladi va «yashirin ekspertlik taqrizidan o‘tkazish» tartibidan o‘tkaziladi.

Scopus va Web of Science maʼlumotlar bazalariga kiruvchi jurnallarda maqolalar chop etadigan magistrantlarni belgilangan tartibda rag‘batlantirish ham alohida nazarda tutilgan.

O‘zbekiston Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga muayyan mutaxassisliklarning xususiyatlarini hisobga olgan holda magistraturada o‘qish muddatini kelishish bo‘yicha vakolatli organ maqomi berildi.

Mazkur qoidalar Adliya akademiyasi, Davlat siyosati va boshqaruv akademiyasi, Bank-moliya akademiyasi, shuningdek, qarorda sanab o‘tilgan boshqa qator taʼlim muassasalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.